Mazkur tadqiqotlar nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda professional va ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida tashkil etilishini inobatga olgan holda, tadqiqotlarda maktablarning ishtirokini ta’minlash ishlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa, hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 28-avgustdagi 278-sonli buyrug‘i asosida Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan olib borilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida Xalqaro tadqiqot dasturlari haqida pedagoglarning salohiyatini rivojlantirish, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalari, fanlar bo‘yicha savodxonligi, mantiqiy va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida 348 ta tayanch maktablar, 14 ta hududga mas’ul koordinatorlar belgilangan. Pedagoglarni uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun 260 nafar milliy va 1 750 nafar hududiy trenerlar tayyorlangan. Shuningdek, o‘qish, matematik, tabiiy-ilmiy savodxonlik va kreativ fikrlash yo‘nalishlari bo‘yicha 35 nomdagi o‘quv-uslubiy hamda 250 nomdagi videomateriallar ishlab chiqilgan.
Tadqiqotlarni o‘tkazilish jarayonlari haqida so‘z yuritilar ekan, ta’kidlash joizki, PISA tadqiqotida mamlakatning barcha hududlaridan reprezentativlik tamoyili asosida tasodifiy ravishda tanlab olingan 202 ta ta’lim muassasalari, jumladan, umumta’lim maktablari, akademik lisey, kasb-hunar maktablarida taxsil olayotgan 7363 nafar 15 yoshli o‘quvchilarning ishtiroki ta’minlandi. Mazkur metodika asosida tanlab olingan respondentlar qariyb 6 millionlik o‘quvchilarning vakili sifatida qatnashganlik haqida ilmiy xulosalarga kelishga yordam beradi.
Shuni ta’kidlash joizki, tadqiqotning dunyo mamlakatlari bilan solishtirma xususiyatlarini saqlab qolish talablari o‘ziga xos va qat’iy standartlarni joriy etishni taqozo etadi. O‘zbekiston tomonidan belgilangan PISA uchun mas’ul jamoa tomonidan tadqiqot materiallari o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillariga tarjima qilinib, Belgiyadagi yirik xalqaro CAPSTAN lingvistika markazi tomonidan xalqaro verifikatsiyadan o‘tkazilgan.
Avstraliya ta’lim tadqiqotlari tashkilotidan Ursula Shvantner xonim mas’ul maslahatchi sifatida jalb etildi. AQSH, Avstriya, Germaniya, Italiya, Gretsiya, Serbiya, Tayland davlatlarida, shuningdek onlayn shaklda tashkil etilgan 27 ta xalqaro seminar va treninglarda 30 nafar mutaxassislarning malakasi oshirildi.
Maktab koordinatorlari, 54 nafar Milliy sifat nazoratchilari, 60 nafar test administratorlari, 60 nafar baholovchilar tayyorlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning PISA tadqiqotida birinchi marta ishtirok etayotganligini inobatga olgan holda, 2022 yil 11-12 aprel kunlari tadqiqotning ramziy ochilishiga bag‘ishlangan “Ta’limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro anjuman tashkil etilgani tadqiqotning ahamiyatini yanada oshirgan.
Xalqaro tadqiqotlar har 3-5 yillik davriylikda dunyo mamlakatlarida bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. 2019 yil noyabr oyida Inson kapitali indeksini aniqlashga doir tadqiqot, 2021 yilda Ta’limdagi uzilishlarni baholashga oid REDS hamda PIRLS tadqiqotlari, 2022 yilda PISA, 2023 yilda esa TIMSS tadqiqoti tashkil etildi. Ushbu izlanishlarda o‘quvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy va o‘qish savodxonligi, kreativ fikrlash ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan test topshiriqlari, shuningdek, ta’lim olishga ta’sir etuvchi omillarni aniqlashga qaratilgan so‘rovnomalar o‘tkazildi. Tadqiqot natijalarining ishonchliligi ustuvor maqsadlardan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, jarayonlar Vestat, Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assosiatsiyasi tashkilotlarining vakillari tomonidan kuzatib borildi.
Uzoq muddatli sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonning ta’limga oid natijalari tarixda ilk marotaba xalqaro solishtirma tadqiqotlarning hisobotlarida namoyon bo‘ldi. REDS va “Ta’limdagi yo‘qotishlarni baholash” tadqiqotlari muyyan vaqt davomidagi uzilishlarning ta’lim tizimiga ta’sirini tahlil qilish imkonini bergan bo‘lsa, PIRLS xalqaro tadqiqotining natijalari boshlang‘ich ta’limning o‘ziga xos jihatlari haqida chaqiriqlarni keltirib chiqardi.
Natijalarga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekiston, Jahon bankining Inson kapitali indeksida 0.62 indeks ko‘rsatkichini qayd etdi. Bu esa, keyinchalik davriy ravishda inson kapitali rivojlanishidagi o‘zgarishlarni kuzatib borish, xalqaro solishtirma tahlillar qilish imkonini beradi.
“Jahon banki O‘zbekistondagi ta’lim sohasidagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun. Bank ko‘magida mamlakat so‘nggi yillarda birinchi marta xalqaro baholash (PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS)da qatnashib kelmoqda”, - dedi Jahon bankining Markaziy Osiyodagi Inson taraqqiyoti dasturi rahbari Tazin Fasih xonim. “Bank maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi bilan doimiy hamkorlikka sodiq qoladi. Biz hukumatga PIRLS va PISA natijalariga asoslangan harakatlar rejalarini ishlab chiqishda va ushbu xalqaro baholashlarnining keyingi bosqichida ishtirok etishni davom ettirishida yordam berishga tayyormiz. Ushbu baholashlar bizga ta’lim siyosati samaradorligini baholash hamda o‘quv jarayonlari va o‘quvchilarning yutuqlarini yaxshilashga qaratilgan ongli qarorlar qabul qilish imkonini beradi."
Ushbu tadbirlar O‘zbekistonda ta’limdagi islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirish va mamlakatning dunyo miqyosda nufuzini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonning PISA 2022 yildagi tadqiqotida ishtirok etishga oid natijasi 2023 yil 5 dekabr kuni xalqaro darajada e’lon qilinadi. Mazkur tadqiqotda O‘zbekistonga oid ma’lumotlarni chuqurroq tahlil qilish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining vakili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotida 5 oy davomida treningda qatnashib, Milliy hisobotni yozishda ishtirok etdi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o‘rtasida erishilgan kelishuv hujjati esa mazkur nufuzli dasturning 2025 yildagi tadqiqotida ishtirok etish imkoniyatini yaratib berdi.
Bu esa, kelgusi 3 yilda O‘zbekiston ta’limida amalga oshirilgan islohotlarning natijalarini, tahlillardagi o‘zgarishlarda kuzatish, ularning samaradorligini baholash imkoniyatini beradi.
Mazkur konferensiyada e’lon qilinayotgan O‘zbekistonning ilk ishtirokida o‘tkazilgan PISA 2022 natijalari ta’lim siyosatiga oid qimmatli ma’lumotlarni taqdim etishi bilan muhimdir.
Ushbu xalqaro nufuzli tadqiqot berayotgan bir qator o‘rganish natijalari, jumladan, o‘quvchilarning matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha yutuqlari, ularning hayotdan qoniqishi, kelajakdan umidlari, gender tenglik, maktab muhiti, SOVID 19 pandemiyasi davridagi ta’lim, ta’limga investisiya qilingan resurslar va ularning ta’lim yutuqlariga ta’siri kabi ma’lumotlar tizimni isloh qilish uchun tuzilayotgan rejalarning samaradorligini ta’minlaydi.
Shuningdek, PISA tadqiqoti har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo ta’lim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatdagi ta’lim tizimi, ta’lim muhiti, ta’limni tashkil etilishi, o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlashi, egallagan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlari, ota-onalarning farzandlarini ta’lim olishlariga e’tiborlari va uyda yaratilgan sharoitlari bo‘yicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli ma’lumotlar olishga erishish ko‘zda tutilgan.
Konferensiyada tegishli vazirlik va tashkilotlar xodimlari, xorijiy soha ekspertlari, olimlar, soha mutaxassislari , oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va Pedagogika markazlarining pedagog va rahbar kadrlari ishtirok etishlari rejalashtirilgan.