Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Rossiyaning "УчимЗнаем" gospital maktabi bilan hamkorlikda gospital maktablar pedagoglari uchun kasbiy rivojlantirish amaliyot dasturi tashkil etildi.
Kunning birinchi qismida "Uzoq muddatli davolanayotgan bolalar uchun ta’lim muhitini yaratish” ijtimoiy loyihasi bo‘yicha hamkorlik doirasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat ta’lim tizimidagi gospital maktablar tajribasi muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, tadbirning amaliy mashg‘ulotlar qismiga start berildi. Unda "Mehrli maktab" hamda uning Andijon va Farg‘ona filiallari, Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti maxsus pedagogika talabalari - jami 150 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Unda "Tibbiy muassasalarda uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalar uchun asosiy umumiy ta’lim va qo‘shimcha umumiy rivojlanish dasturlari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etishning xususiyatlari" mavzusida ma’ruza tashkil etildi.
Kunning ikkinchi yarmida esa “Gospital maktabida o‘quv jarayoni ishtirokchilarini psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish xususiyatlari” va “O‘quv muassasasida didaktik materiallarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish xususiyatlari: "УчимЗнаем" tajribasi misolida” qo‘shimcha malaka oshirish dasturi ishtirokchilariga sertifikatlarni topshirildi.
Shuningdek, "Mehrli maktab" va Rossiyaning A.I.Gersen pedagogika universiteti filiali o‘rtasida talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazish to‘g‘risida memorandum imzolandi.