Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan tanishtiruv haftaligi tashkil etildi.
Joriy yilning 3-7-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan haftalik davomida universitetning faxriy prezidenti Wolfgang A.Herrmann, ta’lim dargohi mas’ul xodimlari hamda Talabalar kengashi o‘z faoliyati haqida talabalarga taqdimotlar namoyish etishdi. Shuningdek, talabalarga o‘quv darslarini tashkil etish, yangi metodologik usullar xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tishdi.
Universitetning birinchi bosqich talabalari uchun tashkil etilgan mazkur tanishtiruv haftaligi davomida talabalar uchun ko‘plab sport musobaqalari, zakovat o‘yinlari va turli treninglar o‘tkazildi. Bu orqali talabalar bir-birlari bilan do‘stona muhit, hamjihatlik o‘rnatish va universitetda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
“Vatan umidlari” nomini olgan yakuniy tadbirda haftalikda faol ishtirok etgan talabalar, fidoyi o‘qituvchi va xodimlar munosib taqdirlandi.