Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanini o‘qitilishi hamda o‘quvchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur mavzu bo‘yicha vazirlik mas’ul xodimi Elmurod Axmadaliyev quyidagilarni ma’lum qiladi:
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi mavjud umumta’lim maktablarining 9 893 tasi (98 foiz)da 10-11-sinflar mavjud bo‘lib, ularda 783 851 nafar (shundan 365 784 nafari o‘g‘il bolalar, 418 067 nafari qizlar) o‘quvchilarga chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qitilmoqda.
Bunda o‘quvchilar ishtirokida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari, xususan tarixchi olimlar, ma’naviyatchilar hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida tarixiy-madaniy maskanlar hamda diqqatga sazovor joylarga tashriflari uyushtirilib, o‘quvchi-yoshlar tarixiy ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Xususan, poytaxtimizda joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tarixi Davlat muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeylariga 413 ta ta’lim muassasasining 13 842 nafar o‘quvchilari ishtirokida sayohat tadbirlari tashkil etildi. Mamlakatimizning boshqa hududlaridagi muzeylarga 1 401 ta ta’lim muassasaidan 88 389 nafar o‘quvchilarning ekskursiyalari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinflarida tahsil olayotgan “Vatan tayanchi” otryad a’zolari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan jamoalar o‘zaro bellashdi.
Shijoatli bellashuvlar, murosasiz va qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan ushbu harbiy-sport musobaqasida yoshlar “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Duatlon”, “Safda qo‘shiq aytish” va “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Samarqand viloyati, 2-o‘rinni Toshkent shahri va 3-o‘rinni Xorazm viloyati jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda respublika bo‘yicha 177 mingdan ortiq o‘quvchilarni qamrab olgan 9 ming 858 ta “Vatan tayanchi” otryadlari mavjud.
Shu kabi tadbirlardan yana biri — “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi joriy yilning 17-20-may kunlari Akademik M. Mirzayev nomli ilmiy tadqiqot instituti dala maydonida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda boshqa vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazildi.
Musobaqa doirasida respublikamizdagi chegara oldi hududlarda joylashgan 399 ta umumta’lim maktablaridan jami 50 039 nafar o‘quvchilar qamrab olindi. Musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etuvchi o‘quvchilar “Temuriylar tarixi” davlat muzeyida bo‘lib, bu yerda ular Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati va shajarasi xususida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va uning hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida bo‘ldi. Mazkur majmua bilan tanishuv davomida o‘quvchilarimiz Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan yuksak qahramonlik namunalariga guvoh bo‘ldilar.
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi Respublikamizning chegaraoldi hududlarida joylashgan umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi o‘quvchilarni Vatanga muhabbat va harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni chegara xizmatiga qiziqtirgan holda bosqichma-bosqich tayyorlab borish maqsadida tashkil etib kelinmoqda.
Respublika bosqichida jami 13 ta hududdan bittadan jamoalar o‘zaro do‘stona bellashdi. O‘ta qizg‘in va bahsli o‘tgan bellashuvlar natijalariga ko‘ra Andijon viloyati Paxtaobod tumani 31-maktabning "Sarhad lochinlari" jamoasi 1-o‘rinni, Qashqadaryo viloyat Nishon tumani 4-maktabning "Amir Temur izdoshlari" jamoasi 2-o‘rinni, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani 10-maktabning "Fidokor" jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining “Umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasini tashkil etish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” 2022-yil 9-iyuldagi qo‘shma qarorga asosan joriy yilning 22-24-may kunlari Toshkent shahrida joylashgan Milliy gvardiya “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasinining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqaning tuman (shahar) bosqichida umumta’lim maktablarining 80 mingdan ziyod 9-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Umumiy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 2-o‘rin Navoiy viloyati hamda 3-o‘rin Namangan viloyati jamoasiga nasib etdi.
Umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida tuzilgan “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari 8 791 ta (87 foiz) umumta’lim maktablarida tashkil etilgan bo‘lib, ularga jami 74 418 nafar o‘quvchi jalb etilgan.
Mazkur tashabbus o‘quvchilarda favqulodda vaziyatlarda aholini qutqarish, jamoatchilik harakatini to‘g‘ri yo‘naltirishga ko‘maklashish, yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga yordam berish kabi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Mazkur klublar o‘rtasida tashkil etilgan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi 3 ta bosqichda va 5 ta shart doirasida o‘tkazildi. Shu yilning aprel oyida viloyat bosqichlari o‘tkazilib, unda shahar-tuman bosqichlarida g‘olib chiqqan 200 dan ziyod umumta’lim maktablaridan 1 600 nafar o‘quvchilar musobaqaga jalb etilgan.
Musobaqaning respublika bosqichi joriy yilning 26-28-may kunlari Jizzax viloyatida o‘tkazildi. Umumiy natijalarga ko‘ra, Jizzax viloyati, Paxtakor tumani 2-maktab jamoasi 1-o‘rin, Farg‘ona viloyati Quvasoy tumani 1-maktab jamoasi 2-o‘rin, Toshkent shahar Uchtepa tumani 116-maktab jamoasi 3-o‘rinni egalladi.
Umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat “Vatan tayanchi” harakati a’zolari joriy yilning 17-23-iyun kunlari Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi «Spassk» o‘quv markazida “Aybin” xalqaro harbiy-vatanparvarlik yig‘ini ishtirok etdi.
Musobaqada 43 ta jamoa vakillari ishtirok etib, yakuniga ko‘ra umumjamoa hisobida yurtimiz vakillari 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.