Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2-mavsumi jarayonlari xususida matbuot anjumani tashkil etildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2-mavsum musobaqalari joriy yilning sentabr oyidan dekabr oyigacha o‘tkaziladi.
2-mavsumda mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida sportning voleybol, milliy kurash va gimnastrada turlari besh bosqichda, yaʼni ko‘cha – mahalla – sektor – tuman – hudud va respublika bo‘yicha o‘tkaziladi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sportning shashka, yengil atletika, stol tennisi, mini futbol, voleybol, quvnoq startlar turlari o‘g‘il va qizlar o‘rtasida 3 bosqichda: sinflararo maktab, maktablararo tuman/shahar va hududiy final shaklida o‘tkaziladi.
Sportning voleybol, kurash va gimnastrada turlari bo‘yicha hududiy musobaqalarda birinchi o‘rinni egallagan mahalla jamoalari respublika final bosqichining “A-liga” yo‘nalishida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Sportning voleybol turi bo‘yicha hududiy musobaqalarda ikkinchi o‘rinni egallagan mahalla jamoalari respublika final bosqichining «B-liga» yo‘nalishida ishtirok etadi.
Sportning voleybol turi bo‘yicha hududiy musobaqalarida uchinchi o‘rinni egallagan mahalla jamoalari respublika final bosqichining «S-liga» yo‘nalishida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari I, II, III darajali diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Sport turlari bo‘yicha «A-liga», «B-liga» va «S-liga» yo‘nalishlarida respublika final bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan mahalla jamoalari hamda yakka tartibdagi sportchilar Yoshlar siyosati va sport vazirligining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun: 1-mavsum sport musobaqalarida 7 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 3 million 100 ming nafardan ziyod yoshlar qamrab olindi.
1-mavsum sport musobaqalari yakuni bo‘yicha 1 395 nafar iqtidorli sportchi yoshlar saralab olinib, sport bilan doimiy shug‘ullanish uchun sport maktablariga yo‘naltirildi.
Musobaqalarning respublika final bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 279 ta mahalla jamoalari uchun ko‘p funksiyali, strit-vorkout va vorkout sport maydonchalari qurib berish bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi.
Mazkur sport maydonchalarining aynan olis qishloqlar va joylardagi mahallalarda qurilishi keng qatlamli aholining ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi va oilaviy sportni rag‘batlantirish sifatida xizmat qilmoqda.
Joylarda sport musobaqalarini faollik va masʼuliyat bilan tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatganliklari uchun mahallaga biriktirilgan yoshlar yetakchilari, umumtaʼlim maktablarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport maktablari trenerlaridan 36 ming nafari tashkiliy qo‘mita nomidan rag‘batlantirildi.
Ommaviy sport tadbirlarining respublika final bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 344 ta mahalla jamoalarining murabbiysi bo‘lgan umumtaʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari hamda sport maktablarining trenerlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka (ikkinchi, birinchi, oliy) toifalarini berish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Musobaqalarda ishtirok etib, ko‘cha bosqichidan respublika final bosqichiga yetib kelgan g‘olib va sovrindor 344 ta mahalla jamoalariga 2023-yilda universal sport maydonchalari qurib beriladi.