Umumta’lim maktablar rahbarligiga nomzod 50 nafar soha mutaxassislariga menejerlik sertifikatlari topshirildi

14-sentabr 2023-yil
image

Avval xabar qilinganidek, Davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-maydagi tegishli Farmoniga asosan, umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlar – menejerlarni tayyorlash ishlari tajriba-sinov tariqasida olib borilmoqda.

Ushbu o‘quv-kurslarining dastlabki bosqichi joriy yilning 5-27-iyun kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutida o‘tkazildi.

Bugun mazkur institut binosida menejerlik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan 50 nafar pedagog mutaxassisga menejerlik sertifikatlari topshirildi.

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori Abduvali Ismoilov, mazkur institut xalqaro maslahatchisi Islam Elhadary, xalqaro ekspert Michele Gaddy, vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, menejerlik o‘quv kurslarining o‘quv reja va dasturlari Angliya, Yaponiya, Finlandiya kabi xorijiy davlatlar tajribasiga tayangan holda 5 ta, jumladan:

“Ta’lim muassasasini rivojlantirish va o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish”;
“O‘zini-o‘zi rivojlantirish va o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish”;
“Inson resurslarini boshqarish”;
“Ish yuritish va hisobot”;
“Jamoatchilik va ota-onalar bilan munosabat-hamkorlik”
modullarini qamrab olgan bo‘lib, unda bugungi zamonaviy rahbarlarga qo‘yiladigan talablar va egallanishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar o‘rin olgan. 

Menejerlik kursining o‘quv reja va dasturlari mazmuni Yaponiyaning Sukuba va Amuniddin Baki universiteti yetakchi mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqilgan hamda ekspertiza xulosalari olingan.

O‘quv jarayonlarining nazariy mashg‘ulotlari A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan, amaliy mashg‘ulotlar Toshkent shahridagi belgilangan tayanch maktablarda hamda yuqori malakali va tajribali maktab direktorlarini jalb qilinib, ilg‘or tajribalar o‘rganilgan holda amalga oshirildi.  

Mazkur menejerlik sertifikatlari 5 yil davomida amal qiladi va sertifikat egalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga zaxira kadrlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi 79-son Farmoniga asosan, 2024-yil yanvar oyidan boshlab amaldagi maktab direktorlarini kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu