Kundalik.com raqamli ta’lim platformasi o‘z faoliyatini “ eMaktab.uz ” sifatida davom ettiradi

29-avgust 2023-yil
image

Xabaringiz bor, so‘nggi yillarda maktab ta’limini raqamlashtirishning jadal sur’atlar bilan davom etib kelayotgani soha xodimlari va o‘quvchilar uchun katta qulayliklar yaratish barobarida, tizimdagi ortiqcha qog‘ozbozlikni 70 foizgacha qisqartirilishiga zamin yaratdi.

Misol sifatida 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etila boshlangan elektron Kundalik tizimi o‘tgan vaqt davomida ota-onalar va o‘qituvchilar tomonidan iliq qabul qilindi.

Ayni vaqtga qadar eng mashhur ta’lim platformasiga aylangan ushbu tizimdan respublikamizning 10 mingdan ortiq maktablaridagi o‘qituvchi va o‘quvchilar foydalanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi shu o‘rinda Kundalik.com platformasi o‘z faoliyatini “UZ” milliy domenida “eMaktab.uz” sifatida davom ettirishini ma’lum qiladi.

Bugun O‘zbekistondagi barcha maktablar qog‘oz kundaliklardan voz kechib, elektron Kundalik tizimiga o‘tib bo‘ldi. Elektron jurnal va kundaliklar joriy etilgach, maktablarning yangi kompyuter va internet texnologiyalari bilan ta’minlanishiga imkon yaratdi.

So‘nggi to‘rt yilda Kundalik.com platformasi tomonidan foydalanuvchilarga qulaylik yaratish, raqamlashtirishni rivojlantirish uchun qo‘shimcha xizmatlar ishlab chiqildi. O‘qituvchi, ota-onalar va o‘quvchilar uchun mobil ilova yaratish, baholarni batafsil tahlil qilish, fanlarni mustaqil o‘rganish, darslarga tayyorgarlik ko‘rish va olimpiadalarning maktab bosqichlarini o‘tkazish xizmatlari shular jumlasidandir.

Mazkur yangi platforma vazirlik va “Kundalik” davlat-xususiy sherikligi qo‘shma hamkorligining mantiqiy davomi hisoblanadi. U yurtdoshlarimizga qulaylik yaratish barobarida elektron jurnal va kundaliklar tizimini O‘zbekistondagi davlat xizmatlari qatoriga kiritadi. Platforma fuqarolarga davlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda davom etadi.

Aytish joizki, 2023-2024-o‘quv yili davomida tanlab olingan umumta’lim maktablarida yuqori sinf o‘quvchilarining qobiliyati va tanlovi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish hamda mazkur maktablarda o‘quvchilarning bilimini baholashning yangi tartibi tajriba-sinov tariqasida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan yangi elektron dasturni texnik jihatdan qayta takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Yangi baholash tartibi ikki turdagi baholashga asoslanadi: formativ va summativ.

Formativ baholash — o‘quvchilarning muvaffaqiyatini kuzatish uchun o‘quv yili davomida o‘tkaziladi. Bu o‘qituvchilarga fikr-mulohazalarini bildirishda yordam beradi va o‘quvchilarni o‘rganishga yo‘naltiradi.

Summativ baholash o‘quv yili yoki o‘quv davri oxirida o‘tkaziladi. U o‘quvchilarning o‘quv rejasidagi umumiy yutuqlarini baholash imkonini beradi.

Shu o‘rinda eslatma: “eMaktab.uz” platformasiga obuna bo‘lish narxi o‘zgarishsiz qolmoqda: yillik 7 ming so‘m. Tizimning qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra xarid qilishlari mumkin. Elektron tizimning barcha mobil ilovalari nomi ham bosqichma-bosqich o‘zgartiriladi.

Shu o‘rinda statistikaga nazar solsak: qog‘ozsiz hujjat almashinuvga o‘tish natijasida maktablar yiliga 255 ming tonna qog‘oz iqtisod qilmoqda. O‘rtacha olganda bu 5,9 mln kundalik, 234 ming jurnal hamda 1,8 mln o‘ramdagi A4 formatdagi qog‘oz degani. Elektron jurnal va kundaliklarga o‘tishning iqtisodiy samarasi yiliga 0,58 mln AQSH dollarni tashkil qiladi. Bundan tashqari 2,3 mln AQSH dollari ma’lumotlarni qayta ishlash markazi tizimida budjet mablag‘larini tejash imkonini beradi.

 

Hozirgi vaqtda Kundalik.com platformasida:

564 398 nafar o‘qituvchi;

6,2 million nafar o‘quvchilar;

5 million nafar ota-onalar ro‘yxatdan o‘tgan.

 

Elektron kundalikning:

Kundalik.Family ilovasini yuklab olgan foydalanuvchilar soni 1 milliondan ortiq;

Kundalik.Teacher ilovasini yuklab olganlar soni ham xuddi shuncha (1 mln)ni tashkil qiladi.

O‘tgan o‘quv yilida o‘qituvchilar tomonidan elektron jurnal tizimiga 2 mlrd marta baho qo‘yilgan.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, elektron baholash tizimining eng asosiy ko‘rsatkichi, o‘qituvchi elektron jurnal yuritishi natijasida bir chorakda 20 soat vaqtini tejab, ushbu vaqtni o‘zi va o‘quvchilari bilan ishlash uchun sarflash imkoniga ega bo‘ldi.

Tizimning yana bir asosiy afzalliklaridan biri, bu —  baholash tizimidagi lokal korrupsiyaning yo‘qolishi bo‘ldi. Ya’ni markazlashgan raqamlashtirish tizimida baholarni o‘zgartirilishi nazorat qilib boriladi. Va eng asosiysi, ota-onalar farzandining o‘zlashtirish ko‘rsatkichini onlayn rejimda dunyoning istalgan nuqtasidan kuzatib, bu orqali farzandining ta’lim olishini nazorat qilish imkoniga ega bo‘ldi.

“eMaktab.uz” platformasi orqali o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-onalar uchun ko‘rsatiladigan xizmat turlarini takomillashtirib borish doimiy ravishda olib boriladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu