Dars taqsimoti bilan bog‘liq tarqalayotgan videolar yuzasidan RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar o‘rtasida dars taqsimoti bilan bog‘liq kelishmovchiliklar aks etgan videolar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Dastavval aytish joizki, mazkur videolar avvalgi yillarga oid bo‘lib, joriy yilda ushbu mavzuda bunday noxush holatlar qayd etilmagan. Ushbu mavzu yuzasidan vazirlik tomonidan o‘qituvchilarga doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.
Joriy yilda ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim muassasalarida dars soatlar taqsimoti bo‘yicha soha xodimlariga to‘liq ma’lumot berish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida maktablarning direktor o‘rinbosarlari uchun o‘quv vebinarlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Vebinar-treninglar joriy yilning 22-avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Unda:
– umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagog xodimining yillik ish yuklamasi,
– umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2023-2024-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi,
– dars soatlarini taqsimlash mezonlari,
– boshlang‘ich va yuqori sinflardagi mavjud sinflar misolida dars soatlari taqsimoti bo‘yicha tushuntirishlar beriladi.
Shu o‘rinda, yurtimizda o‘qituvchining maqomini mustahkamlash, uning nufuzi va obro‘sini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilib turgan bir paytda, o‘qituvchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish pedagoglarning zarariga xizmat qilishini unutmasligimiz lozim.