Bolalar maktabda o‘zini bexavotir va xotirjam his qilsa, albatta, bu kayfiyat ularning o‘zlashtirishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Maktabdagi ijobiy muhitni belgilovchi eng asosiy omillardan biri bu o‘qituvchilarning o‘z kasbiga muhabbati hamda jamoadagi o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatdir. Bunday maktabda taʼlim olgan bola kelajakda, albatta, o‘z yo‘lini topib, jamiyatga foyda keltiruvchi shaxs bo‘lib kamol topadi. Jamoada do‘stona muhit bo‘lsagina, ijobiy natija haqida gapirish mumkin.
Bugun Buxorodagi 2-umumtaʼlim maktabining pedagogik jamoasida ana shu do‘stona muhitning guvohi bo‘ldim. Maktab jamoasi menda juda iliq taassurot qoldirdi.
Taʼlim maskanida 20 yildan ziyod faoliyat yuritayotgan pedagoglar bor. Maktab rahbari tashabbuskor, jamoa esa juda ahil. Taʼlim maskani o‘ziga xos tarixga ega. Yangi zamonaviy bino bo‘lmasa ham, taʼlim sifati nihoyatda yuqori. Tabiiyki, maktabda o‘quvchilar ham iqtidorli. Yaqinda Xalqaro SAT imtihonida yuqori ballni qo‘lga kiritib, rekord natijani qayd etgan o‘quvchi ham aynan shu maktab bitiruvchisi Parviz Tuksanov bo‘ladi. U avvalgi yil ham IELTS imtihonida 8.5 ballni qo‘lga kiritib, tengdoshlari orasida yuqori natijani qayd etgan ekan. Parviz aynan shu maktab bitiruvchisi ekanligi yuqoridagi fikrlarimga yaqqol dalil bo‘la oladi.
Maktab jamoasi allaqachon yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. O‘ylaymanki, o‘qituvchilarning xushkayfiyati yangi o‘quv yilida ularga hamroh bo‘lib, o‘quvchilarining taʼlim-tarbiyasida ham o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatadi.