Hilola Umarova Farg‘ona viloyatida qurilish-ta’mirlash ishlari ketayotgan ta’lim maskanlarida bo‘ldi
Hozirgi vaqtda xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib turgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova viloyatdagi ta’lim muassasalarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Xususan, Farg‘ona shahri, Mustaqillik shaharchasi, “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida qurilayotgan 990 o‘rinli umumta’lim maktabi va 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Vazir tomonidan mas’ullariga umumta’lim maktabining tashqi fasadini o‘zgartirish, qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirish hamda ushbu muassasalarni 15-avgustga qadar jihozlar bilan to‘liq ta’minlash topshirig‘i berildi.
Bundan tashqari, Farg‘ona shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi o‘quv yiliga hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham o‘rganildi. Vazir o‘rganish davomida ushbu muassasasining eski eshik va deraza romlarini zamonaviysiga almashtirish bo‘yicha viloyat mas’ullariga tegishli ko‘rsatma berdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Farg‘ona viloyatida 2023-yilda Investisiya dasturi doirasida 17 ta (4 ta yangi qurilish, 13 ta rekonstruksiya) maktabda 157,6 mlrd.so’mlik, 8 ta (7 ta yangi qurilish, rekonstruksiya) maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 56,5 mlrd. so‘mlik hamda “OPEN BUDGET” loyihasi bo‘yicha joriy yilda viloyatdagi 113 ta muassasalar (89 ta maktab va 24 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari)da 118,3 mlrd. so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.