Savol: Chet el fuqarosi bo‘lgan bolalarni 1-sinfga qabul qilish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-sonli qarori (2-ilovasi) bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, chet el fuqarolari farzandlarini maktabga joylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron platformasi (my.maktab.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tib, elektron ariza berishlari talab etiladi.
Ariza berganda quyidagi 3 ta hujjatni ilova qilish zarur:
1) O‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumot haqida hujjat (1-sinfga qabul qilinayotgan bolalar bundan mustasno);
2) O‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan hujjatning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjimasi (1-sinfga qabul qilinayotgan bolalar bundan mustasno);
3) Sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy xulosa.
Elektron tizim orqali yuborilgan arizalar Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan 7 kun ichida ko‘rib chiqilib, bolalarni maktabga qabul qilish yoki qabul qilishni rad etish bo‘yicha qarorni qabul qiladi va tizimga yuklaydi.
Berilgan yo‘llanma asosida umumta’lim maktabi chet el fuqarosi bilan o‘rnatilgan tartibda shartnoma imzolaydi.
Ariza rad etilganda chet el fuqarolari kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta ariza berishlar mumkin.