Bugun Shveysariya davlatida bo‘lib o‘tgan nufuzli Xalqaro kimyo olimpiadasida o‘quvchilarimiz ajoyib natijalarni - 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
90 ga yaqin davlatdan 350 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etgan olimpiadada Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azizbek Nazarov hamda Uchtepa tumanidagi 81-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abdulloh Mahmudov oltin medal, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shahzoda Hakimova kumush medal hamda Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sohibjon Dilmurodov bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oltin medal olgan o‘quvchi bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (165 mln so‘m), ustozi 450 baravari(148,5 mln so‘m) miqdorida, kumush medal uchun o‘quvchi 300 baravar (99 mln so‘m), ustozi 250 baravar (82,5 mln so‘m) hamda bronza medal uchun o‘quvchi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 mln so‘m), ustozi 150 baravar (49,5 mln so‘m) pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bu esa Davlatimiz tomonidan ilmli yoshlarga berilayotgan e’tiborning yuksak namunasi, deb bilaman.
Bundan tashqari, Xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga imtiyoz bilan grant asosida o‘qishga qabul qilinib, keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan bo‘lsa lavozim maoshiga har oy 150 foizlik ustama oladi.
Fursatdan foydalanib, o‘quvchilarimiz, ularning ustozlari hamda terma jamoamizning har bir a’zosini ilm yo‘lidagi yana bir ulkan g‘alaba bilan muborakbod etaman.