100 NOMDAGI O‘ZBEK VA JAHON ADABIYOTI SARA ASARLARINING AUDIO KITOBI YARATILDI

21-yanvar 2021-yil
image

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning ma’naviy hamda intellektual olamini boyitish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, o‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targ‘ib qilish hamda kitobxonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, vazirlik tasarrufidagi Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan «Ikki eshik orasida», «Sariq devni minib», «Otamdan qolgan dalalar», «Oq kema», «Shamol ortidan yugurib» «O‘zbek xalq ertaklari» kabi jami 100 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti hamda jahon adabiyotining buyuk badiiy namunalarining audio kitob shaklidagi variantlari yaratildi.

Shu munosabat bilan, bugun 21 yanvar kuni Toshkent shahri Uchtepa tumani 238-sonli umumta’lim maktabida mazkur audio kitoblarning taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu audio kitoblar taqdimotida vazirlik mas’ullari, kutubxonachilar va ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirda 100 nomdagi badiiy adabiyotlar haqida ma’lumot berilishi bilan bir qatorda, Respublika bolalar kutubxonasi va uning hududiy bo‘limlarida elektron kutubxonalarni tashkil etish va resurslardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar sarhisob qilinib, to‘plangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish borasida tavsiyalar berildi.

Ma’lumot uchun: mazkur audio kitoblarni www.kitob.uz sayti orqali yuklab olish va onlayn tinglash imkoniyati yaratilgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu