Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Event Hall tadbirlar zalida “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirdan asosiy maqsad, Yangi O‘zbekistonda inson kapitali, uning shakllanishi va rivojlanishida ta’lim-tarbiya hamda ilm-fanning o‘rni va rolini muhokama qilish, ta’lim tizimini isloh qilishning zamonaviy tendensiyalari, jahon tajribasini o‘rgangan holda ularni amaliyotga tadbiq etish va buning samarasi borasida fikr almashish, keng jamoatchilikni Yangi O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirishdan iboratdir.
Konferensiya avvalida so‘zga chiqqan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova tadbir ishtirokchilarini bugungi tadbir bilan qutladi va mavzuga doir o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
“Bugungi O‘zbekiston davlati joylashgan zamin qadimda ikki buyuk uyg‘onish davriga beshik bo‘lgan. Bu qutlug‘ maskanda Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Buxoriy, Termiziy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy kabi buyuk daholar yetishib chiqqan.
Ushbu ulug‘ ajdodlarimizga munosib voris bo‘lish uchun so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasiga katta e’tibor berilmoqda. Aholisining 50 foizdan ortig‘i 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston uchun ta’lim katta strategik masala ekanligini aytsam mubolag‘a qilmagan bo‘laman.
2030-yilga qadar ta’lim tizimida qanday ishlar amalga oshirilishi xususida “Ta’lim — 2030” konsepsiyasida aniq belgilab olingan. Ushbu konsepsiya doirasida hozirga qadar sohada ko‘plab natijalar qayd etildi.
Maktabgacha ta’lim tizimini kengaytirish mamlakatda muhim masala sifatida belgilanib, oxirgi 5 yil ichida bolalarning qamrovi 27 foizdan 72 foizga yetdi. 2030 yilga barcha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish rejalashtirilgan.
Oxirgi 5 yil davomida 261 ta yangi maktab qurilishi, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan, qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Pedagoglarning jamiyatdagi obro‘si va qadr-qimmatini himoyalash borasida faoliyatiga aralashganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.
Mamlakatimiz ilk bor ta’lim sifatini baholash xalqaro tadqiqotlari (PISA, PIRLS, TIMMS)da ishtirok eta boshladi. Global innovatsion indeksning Inson kapitali yo‘nalishida 2022-yil hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 7 pog‘ona yuqorilab, 65-o‘rinni qayd etdi (jami 131 ta mamlakat ichida).
O‘ylaymanki, bugun sizlar bilan erishilgan natijalarimiz va yutuqlarimiz bo‘yicha fikr almashamiz, sizlarning qimmatli taklif va tavsiyalaringizni kutib qolamiz.”