“O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiya PRESS-RELIZ

4-iyul 2023-yil
image

2023-yil 5-iyul kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Event Hall tadbirlar zalida “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

 “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.

Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirdan asosiy maqsad, Yangi O‘zbekistonda inson kapitali, uning shakllanishi va rivojlanishida ta’lim-tarbiya hamda ilm-fanning o‘rni va rolini muhokama qilish, ta’lim tizimini isloh qilishning zamonaviy tendensiyalari, jahon tajribasini o‘rgangan holda ularni amaliyotga tadbiq etish va buning samarasi borasida fikr almashish, keng jamoatchilikni Yangi O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirishdan iboratdir.

“Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevori”, “Inson kapitali: global muammolar va rivojlanish tendensiyalari” mavzularida o‘tgan muloqot tadbirida so‘nggi yillarda respublikada olib borilayotgan maktabgacha va maktab ta’limiga doir islohotlar mazmuni va so‘nggi yillardagi sohadagi keng o‘zgarishlar tahliliga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida so‘nggi yetti yilda muhim o‘zgarishlar jarayoni jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017-yildagi 27,7 foizdan hozirda 71,8 foizga yetkazildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ayni vaqtda 2 mln.dan ortiq bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda.

Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun so‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 211 tadan 29 420 taga yetkazildi. Jumladan, 6 598 ta davlat, 833 ta xususiy, 1 313 ta DXSH asosidagi nodavlat va 20 676 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, 438 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi natijasida 60 335 ta, 2 064 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari rekonstruksiya qilinishi natijasida 13 980 ta yangi o‘rin yaratildi. 785 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mukammal ta’mirlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun bepul maktabgacha ta’limning muqobil turlari joriy etildi. “Aqlvoy” loyihasi doirasida respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan 142 ta mahallada 7 mingga yaqin bolalarni qamrab oladigan 387 ta mobil guruhlar shakllantirildi.

Bugungi kunga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga xorijiy investisiyalarni keng jalb etish natijasida 141 mln AQSH dollari miqdorida xalqaro kelishuvlarga erishildi.

Hozirda respublikadagi 22 ta davlat oliy ta’lim muassasalarida maktabgacha ta’lim tizimi uchun pedagog kadrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi Janubiy Koreyaning Puchon universiteti, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat-byudjet oliy ta’lim muassasasi filialida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi yaratildi.

Maktabgacha ta’lim tizimidagi pedagoglar soni 2017-yildagi 58 400 nafardan 151 746 nafarga yetkazildi. Shuningdek, oliy ma’lumotli pedagoglar salmog‘i 21,6 foizdan 34 foizga oshirildi.

Inklyuziv ta’lim tamoyillari va imkoniyati cheklangan bolalarga yordam ko‘rsatishning yangi shakllari, jumladan, Nukus, Qarshi shaharlari va Qibray tumanida “Imkon” reabilitasiya markaziga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi yangi shakllari joriy etildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari bilan birgalikda bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun taomlar resepti kitobi ishlab chiqildi.

O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim sohasidagi yutuqlarning xalqaro darajada e’tirof etilishi natijasida 2022-yilda Toshkent shahrida UNESCOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi va unda keyingi 10 yilda maktabgacha ta’lim sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan xalq ta’limi tizimini isloh qilishga qaratilgan va ushbu sohani 10 yillik strategiyasini belgilab beruvchi “Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi” tasdiqlandi.

O‘zbekistonda bugungi kunda 10 104 ta umumta’lim maktabi, 14 ta Prezident maktabi, 166 ta Ixtisoslashtirilgan maktablar, 219 ta Barkamol avlod bolalar maktablari faoliyat yuritmoqda. O‘quvchilar soni 2016-yildagi 4,8 mln. nafardan hozirda 6,4 mln. nafarga oshdi. Umumta’lim maktablarida ta’lim berib kelayotgan o‘qituvchilar soni 527 ming nafarni tashkil etadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimi xalqaro ta’lim reytingi va indekslar bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshilab kelmoqda. Xususan, Inson kamoloti indeksida 108-o‘rindan 101-o‘ringa, Inson kamoloti indeksi tarkibidagi ta’lim indeksida 81-o‘rindan 71-o‘ringa, Global innovatsion indeksida 122-o‘rindan 82-o‘ringa, Global innovatsion indeksning tarkibidagi Inson kapitali yo‘nalishida 76-o‘rindan 65-o‘ringa ko‘tarildi.

So‘nggi yetti yil davomida 5 137 ta maktabda qurilish ta’mirlash ishlari olib borilib, 643 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi. Xalqaro moliya institutlari grant va investitsiya hamda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 6 251 ta zamonaviy kompyuter sinflari tashkil etildi.

Xususiy sektor hisobiga nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 364 taga yetib, 2017-yilga nisbatan deyarli 6 baravarga oshirildi.

Bugungi kunda umumta’lim sohasi xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga butunlay barham berilib, boshqa tarmoq sohalaridan farqli ravishda pedagog xodimlarning ish haqi doimiy oshirib borilmoqda.

Ilk bor xalqaro baholash tadqiqotlari (PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS) va indekslarda (Inson kapitali indeksi - 2020) O‘zbekiston umumta’lim muassasalari ishtiroki ta’minlandi. PIRLS 2021, TIMSS-2023 dasturlari doirasida maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarining tegishli fanlardan savodxonligini baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Hozirga qadar Orolbo‘yi hududidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi yangi o‘quv yilidan respublikadagi barcha hududlardagi umumta’lim maktablari uchun joriy etilishi belgilandi.

Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilari tomonidan xalqaro olimpiadalarda 37 ta medal qo‘lga kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan hududlarda “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi. Nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlari ta’lim dasturlariga ixtisoslashtirilgan mazkur  maskanda hozirgi kunda qator yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARINING NUTQIDAN IQTIBOSLAR:

UNICEF O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade: “O‘zbekiston bugun tarix chorrahasida, ta’lim rivojida yangi marralarni zabt etishga intilmoqda. O‘zbekiston hukumati xalqning barqaror rivojlanishi va farovonligi uchun sifatli ta’lim muhimligini anglagan holda, ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Biroq, bu islohotlar xalqaro tashkilotlarning mustahkam hamkorlik va ko‘magini talab qiladi va biz bu islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz”.

Ta’lim bo‘yicha xalqaro ekspert, 2023–2026-yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish ishchi guruhi a’zosi Metyu Goldi-Skott: “Biroq ta’limning yuqori darajasiga erishish uchun islohot va o‘zgarishlarni amalga oshirish kerak. O‘zbekiston bu yo‘nalishda qat’iy harakat qilayotganini ko‘rib, xursandman. O‘qitishning zamonaviy uslublarini joriy etish, o‘quv dasturlarini yangilash, sifatli o‘quv materiallarini ishlab chiqish va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash sifatli ta’limning ajralmas tarkibiy qismidir.

O‘zbekiston allaqachon ta’lim va ilm-fan sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Biroq ta’limning qulayligini oshirish, o‘qitish sifatini oshirish va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishimiz kerak”.

Birlashgan Arab Amirliklarida Milliy maktab rahbari va ta’lim bo‘yicha xalqaro ekspert Aslan Ibragim: “Yurtingiz maktablarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida umumta’lim fanlaridan iborat Milliy o‘quv dasturi yaratilganidan xabardorman.

Unga asosan 420 nomdagi yangi avlod darsliklari yaratilib, Kembridj, Klett nashriyotlari va Gersen universitetining darsliklari mahalliylashtirilib, ingliz, nemis va rus tili fanlaridan xalqaro tan olingan 79 nomdagi o‘quv-metodik qo‘llanma va darsliklar tatbiq etilganligi o‘quvchilarda yangi bilimlarni o‘zlashtirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, ilk bor xalqaro baholash tadqiqotlari (PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS) va indekslarda (Inson kapitali indeksi - 2020) O‘zbekiston umumta’lim muassasalari ishtiroki ta’minlanib, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni so‘nggi yillarda yaxshilanayotganligini kuzatishimiz mumkin”.

Cambridge Assessment tashkiloti ta’lim xizmatlari departamenti direktori Steve King: “O‘zbekistonda ta’lim va tarbiyaning zamonaviy usullari joriy etilgan bo‘lib, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish borasida ham ishlar olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Yurtingizda shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalaridan barcha bolalar, jumladan, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ham qulay sharoit yaratishga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekistonda ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ta’lim olish uchun zamon talablariga javob beradigan shart-sharoitlar yaratish ustida ishlanmoqda”.

“KEI Advanced” ta’lim tashkiloti direktori va ijrochi menedjeri Xiromitsu Sakata: “Ta’lim sohasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICA bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ham bir qancha loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.

Ulardan biri matematika fanidan maktab o‘quvchilarini bilimini baholashga qaratilgan “Yaponiya uslubidagi akademik yutuqlarni baholash modeli” loyihasidir.

Ushbu loyiha doirasida biz 40 ta umumta’lim, 10 ta xususiy va 2 ta president maktablarining 8-9-10-sinf o‘quvchilari bilan 4 marotaba test-sinovlarini o‘tkazdik hamda natijalarni tahlil qilib tegishli tashkilotlarga taqdim ettik. 2021-yildan beri olib borilayotgan loyiha doirasida shuni guvohi bo‘ldikki, 1-tajriba sinovi va 4-tajriba sinovi natijalari orasida katta o‘zgarishlar bo‘lgan, ayniqsa prezident maktablari o‘quvchilarining natijalari bizni hayron qoldirdi”.

Massachusets texnologiya instituti Ta’lim innovasiya va texnologiyalari departamenti direktori – dekanning birinchi o‘rinbosari Vidjay Kumar: “Massachusets texnologiya instituti Yangi O‘zbekiston universiteti bilan tayyor o‘quv jarayonini tashkil etib berishga emas, balki mutaxassislar malakasini oshirish orqali eng ilg‘or tajribani joriy eta oladigan jamoani shakllantirish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Fikrimcha, maktab ta’limi borasida ham, eng avvalo, inson kapitaliga, jumladan pedagoglarni malakasini oshirish, ularni xalqaro standartlar asosida baholashga katta e’tibor qaratish lozim.

Umuman olganda O‘zbekiston aynan shu yo‘ldan bormoqda. Misol uchun, vazirlik tizimida pedagoglarni baholashga qaratilgan alohida tuzilma, jumladan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilganligi gapimning isboti hisoblanadi”.

Myunxen texnika universiteti “TUM International GmbH” xorijiy tashkiloti bosh direktori Friderika Hettinger: “Ta’limda, ayniqsa maktab ta’limida katta burilish yasagan iste’dodli yoshlar bilan ishlashning o‘zi xos modeli bo‘lgan Prezident ta’lim muassasalari tizimiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Ushbu tizimni boshqa maktablarga joriy etilishi, O‘zbekistonni ulkan muvaffaqiyatga yetaklashiga ishonaman.

Bu borada o‘zimizning ilg‘or tajribamiz bilan bo‘lishib, birgalikda katta marralarni egallash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz degan umiddaman”.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu