2023-yil yozgi mavsumda 200 ta statsionar (shahardan tashqari so‘lim go‘shalarda) oromgohlarda jami 157 775 nafar bolalar dam oldirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 19-iyun holatiga 183 ta stasionar oromgohlarda 42 909 nafar bolalar dam olishmoqda.
200 ta statsionar oromgohlarda faoliyat yuritadigan jami 4 225 nafar pedagog va o‘qituvchilar oylik ish haqlari belgilangan holda oromgohlarga jalb qilindi.
Pedagoglar maxsus o‘quv dasturlar asosida o‘qitilib, ularga kursni tamomlaganlik bo‘yicha sertifikatlar taqdim etildi.
Dam oluvchilarning bo‘sh vaqtini ma’zmunli o‘tkazishni tashkil etish borasida malakali xodimlar tomonidan ishlab chiqilgan 2 turdagi uslubiy qo‘llanmalar elektron shaklda maxsus o‘quvlarni tugatgan pedagog hodimlarga va oromgoh jamoasiga yetkazildi.
Respublikada faoliyat olib borayotgan 3 ta Mehribonlik uylarining 279 nafar tarbiyalanuvchilari vazirlik tizimidagi 6 ta statsionar oromgohlarda 2- va 3- navbatlarda dam oldirilishi rejalashtirilgan.
141 ta Oilaviy bolalar uylaridagi 796 nafar tarbiyalanuvchilar Milliy gvardiya hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan joylardagi sog‘lomlashtirish oromgohlarda sog‘lomlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, bolalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish maqsadida oromgohlarga 108 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib berildi va Respublika bolalar kutubxonasining kitob.uz platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratildi.
“Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan “Yoz-2023” shiori ostida sport musobaqalariga start berildi. Joriy yilning 19 iyun holatiga 1- va 2-navbatda 16 240 nafar dam oluvchilar uchun “Quvnoq startlar”, “Kim epchilu - kim chaqqon”, “Futbolimiz kelajagi Seni qo‘lingda”, “Suzish bo‘yicha oromgoh birinchiligi” kabi sport musobaqalari o‘tkazildi.
Shuningdek, statsionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun ta’lim muassasalarida 954 ta sog‘lomlashtirish maydonchalarida (bepul) 152 410 nafar bolalar dam oldirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yil 19 iyun holatiga 889 ta maydonchalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 72 239 nafar bolalar dam oldirilmoqda.
Ushbu maydonchalarda turli rivojlantiruvchi kompyuter o‘yinlari, tasviriy san’at, mental arifimetika kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bolalarga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etilmoqda.
Bundan tashqari, barcha o‘quvchilarning yoz mavsumida bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida bir qator ishlar rejalashtirilgan. Xususan:
Yoz mavsumida 5 ta muhim tashabbus doirasida Respublika miqyosida “Besh tashabbus - oromgohda” loyihasi doirasida ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalar o‘tkazilmoqda.
219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari va 14 ta “Bolalar kutubxonalari”ning to‘liq faoliyat yuritilishi yozgi mavsum alohida rejasi asosida faoliyatini tashkil etdi. Hozirda 107 ming nafar o‘quvchilar yozgi to‘garaklarga jalb qilingan.
“Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan yoz davomida 12 ta tanlov va musobaqalar o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozida 3 ta tanlov o‘tkazildi. Mazkur tanlovlarga 12 ming nafar o‘quvchilarni jalb qilindi.
Shuningdek, “Bolalar kutbxonalari” tomonidan “Men sevgan adabiy qahramon”, “Eng faol kitobxon o‘quvchi” tanlovlari o‘tkazilmoqda. Mazkur tanlovlarda 165 ming nafar bolalar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari o‘quvchilarni yozgi ta’tilini maroqli tashkil etish maqsadida yoz mavusmi uchun muzeylarga o‘quvchilar tashriflarini tashkil etish reja-jadvali ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra respublikadagi 108 ta muzeylarga 162 ming nafar o‘quvchilar-yoshlar jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Hozirda Toshkent shahridagi 26 ta muzeylarga 21 ming nafar o‘quvchilarni tashriflari tashkil etildi.