XALQ TAʼLIMI VAZIRI SAMARQANDDAGI “QIZIL MAKTAB” TOIFASIDAGI MAKTABLARNING MUAMMOLARINI OʻRGANIB, ULARNI IJOBIY HAL ETISH BOʻYICHA TAKLIFLAR BILDIRDI

12-yanvar 2021-yil
image

Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablarini bitirgan oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlariga koʻra “qizil”, “sariq”, “yashil” maktablar toifalariga ajratildi.

Bulungʻur tumanida 69 ta umumtaʼlim maktabi mavjud. Ularning atiga bittasi “yashil maktab”, 13 tasi “qizil maktab” toifasiga kiradi. “Qizil maktab” toifasidagi aksariyat maktablarda ikki oʻquv yilida birorta ham bitiruvchisi surunkali OTMga oʻqishga kirmaganlari ham bor. Xuddi shunday maktablardan biri Bulungʻur tumanidagi 57-umumtaʼlim maktabidir.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Samarqandga tashrifida viloyatdagi taʼlim sifati salbiy koʻrsatkichlarga ega maktablar, jumladan, Bulungʻurdagi 57-maktabda ham boʻldi.

2019/2020 oʻquv yilida ushbu maktabni 33 nafar oʻquvchi bitirgan boʻlib, birortasi OTMga kira olmagan. Afsuski, undan oldingi 2018/2019 oʻquv yilida ham maktabni bitirgan 29 nafar bitiruvchidan birortasi talabalikka tavsiya etilmagan.

Vazir ushbu muammoning sabablari bilan qiziqdi. Oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlamaganligi, 6 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan maktab direktorining masʼuliyatsizligi, bitiruvchilarning bilimi va qiziqishi doirasida 5 ta OTMga kirish imkoniyati yaratilgan bir paytda bundan toʻgʻri foydalanish boʻyicha oʻquvchilarga tegishli tavsiyalar yetkazilmaganligi muhokama jarayonlarida maʼlum boʻldi.

Tumandagi 51-maktabda ham xuddi shunday salbiy koʻrsatkichlar qayd etilgan. Vaholanki, ushbu taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya jarayonlari uchun, oʻqituvchilarning moddiy va maʼnaviy taʼminoti uchun imkoniyatlar yaratilgan.

Bulungʻur tumani markazidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan 11-maktabda taʼlim olish uchun nafaqat tuman, balki viloyatning eng chekka hududlaridan, hatto turli viloyatlardan ham oʻquvchilar kelib oʻqimoqda. Masalan, shu maktabda taʼlim-tarbiya olayotgan 858 nafar oʻquvchining 131 nafari viloyatning har xil tumanlaridan, 106 nafari esa boshqa viloyatlardan kelib oʻqimoqda. Bu maktabda taʼlim sifati, rahbarning talabchanligi va oʻqituvchilarning oʻz kasbiga masʼuliyat bilan yondashib kelayotganidan dalolatdir.

1d9720870d54076b42aec.jpg

Oʻtgan oʻquv yilida maktabni 86 nafar oʻquvchi bitirib, ularning 29 nafari, yaʼni 33,7 foizi OTMga oʻqishga kirgan. Undan oldingi yilgi natijadan 6-7 foizga ortgan. Maktab jamoasi oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti shakllangan boʻlib, doimiy ravishda malaka va tajribasini oshirish, oʻquvchilar uchun darsdan tashqari qoʻshimcha fan toʻgaraklari samarali yoʻlga qoʻyilgan. Bu, albatta, muassasada erishilayotgan yutuqlar safini kengaytirmoqda.

Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov maktabning ushbu yutuqlarini eʼtirof etib, oʻz tavsiyalarini bildirdi. Jumladan, bundan buyon, “qizil maktab” toifasidagi maktablarning direktori lavozimiga “yashil”, yaʼni taʼlim sifati koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan maktablarning amalda ishlab turgan oʻrinbosarlari, yosh, tashabbuskor, bilimli, rahbarlik qobiliyatiga ega boʻlgan fan oʻqituvchilari nomzodini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarida uch yillik rivojlantirish dasturlarini himoya qilgan holda lavozimga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilishini taʼkidladi.

Bu borada Samarqandda dastavval “Bulungʻur tajribasi” yoʻlga qoʻyilib, 11-umumtaʼlim maktabi direktori oʻrinbosarlari va ilgʻor tajribaga ega, bilimli va yuqori kasbiy mahoratli, yosh oʻqituvchilarining nomzodi “qizil maktab” toifasidagi muassasalar direktori lavozimiga tavsiya etiladigan boʻldi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu