“Maktabdan tashqari ta’lim: muammo va yechimlar” mavzusidagi 1-Respublika forumi qizg‘in davom etmoqda

19-may 2023-yil
image

Avval xabar qilinganidek, bugun Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan Halima Xudoyberidiyeva nomidagi ijod maktabida “Maktabdan tashqari ta’lim: muammo va yechimlar” mavzusidagi 1-Respublika forumi boshlandi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy boshqarma vakillari, mamlakatimizdagi mavjud “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar kutubxonalari” direktorlari, “Yoshlik” Jismoniy tarbiya va sport jamiyati rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ayni vaqtda Respublikamizdagi mavjud 219 ta “Barkamol avlod" bolalar maktablarida 79 nomdagi to‘garaklar faoliyat yuritadi. Ularga 297 ming nafar o‘quvchilar jalb qilingan.

“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 7 ta – “Madaniyat va san’at”, “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish”, “Jismoniy tarbiya va sport”, “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati”, “Turizm va ekologiya”, “Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov”, “Xorijiy tillar” yo‘nalishlarida to‘garaklar tashkil etilgan.

Mazkur turdagi maktablarning asosiy vazifalari — yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning robotatexnika, mexattronika, injinerlik, mental arifmetika, san’at, art dizayn, axborot texnologiyalari bo‘yicha JavaSeratch, 3D yo‘nalishlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishdan iboratdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizdagi mavjud “Bolalar kutubxonalari”da 526 ming nafar o‘quvchi-yoshlar turli kitobxonlik klublari va to‘garaklariga qamrab olingan.

1,5 mln nafar o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlari “Yoshlik” Jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan turli sport seksiya va to‘gaklarida mazmunli tashkil etilmoqda.

Forum ishtirokchilari tomonidan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va bunda “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar kutubxonalari”, “Yoshlik” Jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, sohadagi mavjud muammolarni atroflicha hal etish, tizim xodimlarining bilim va malakalarini doimiy oshirib borish bo‘yicha aniq vazifa va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova forum davomida mutaxassislar tomonidan bildirilgan tegishli masalalarni hal etish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini bildirib o‘tdi. Jumladan, maktab kutubxonachilarini bibtexnika (jamlanma kitobi, inventar kitobi, kundalik kitobi, kitobxon formulyari, kitob formulyari, alifboli kartochka, qaytaruv varaqasi, cho‘ntakcha) bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha treninglar tashkil etish choralari ko‘rilishi ma’lum qildi.

Shu bilan birga maktabdan tashqari ta’limni tashkil etishda xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida mas’ul xodimlar va mutaxassislarni xorijiy davlatlarga xizmat safariga yuborish bo‘yicha aniq vazifalar ilgari surildi.

O‘quvchi-yoshlarni sport o‘yinlariga kengroq jalb etish va xalqaro va respublika darajasidagi musobaqalardagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha  mas’ullarning axboroti eshitildi hamda kelgusida “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining navbatdan tashqari Qurultoyini o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Forum doirasida xalqaro darajadagi spikerlar jalb qilinib, ular ishtirokida amaliy-trening mashg‘ulotlari tashkil etildi. O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida olib borilayotgan amaliy ishlar tajribasi o‘rganildi.

Forum tadbirlari ertaga — 20-may kuni davom etadi. Unda ishtirokchilar Sirdaryo viloyatida yangidan qurilgan zamonaviy “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Sportni ommaviyligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro darajadagi sport usatalarining mahorat mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Kun yakunida Forum tadbirlarida eng faol qatnashgan ishtirokchilar vazirlikning maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu