Bolalar gematologiya, onkologiya va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga umumiy o‘rta taʼlim berish uchun tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi “Mehrli maktab” tashkil topganiga bir yil to‘ldi.
Mazkur maktab tashkil etilganida jami 54 nafar maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar qamrab olingan bo‘lsa, 1 yil davomida maktabda 1212 nafar bola taʼlim oldi.
Jumladan, maktabgacha taʼlim guruhlariga 1,5 dan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olingan bo‘lib, ularning muolajalardan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, maktab yoshidagi bolalarning sifatli taʼlim va tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
"Mehrli maktab" gospital taʼlim maktabida boshlang‘ich va yuqori sinflarda darslar Davlat standartlari asosida tashkil etiladi. Mazkur maktabda darslar shifokor bilan maslahatlashilgan holda bolalarning kayfiyati, ruhiyati, sog‘liqlari hisobga olingan holda 30 daqiqa olib boriladi.
Davolanish jarayoni tugagach, o‘quvchi doimiy tahsil oladigan maktabiga topshirish uchun har bir fandan olingan bahosi ko‘rsatilgan maʼlumotnoma taqdim etiladi. Natijada o‘quvchini baholashda uzilish yuzaga kelmaydi.
Ushbu maktabda o‘quvchilar taʼlim olishdan tashqari art-terapiya, musiqa, robototexnika hamda shaxmat kabi zamonaviy to‘garaklarga ham qatnashadi.
Hozirda “Mehrli maktab”da jami 23 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Shundan maktabgacha taʼlim va tarbiya yo‘nalishida 7 nafar, umumiy o‘rta taʼlim yo‘nalishida 16 nafar (11 nafar fan o‘qituvchilari, 2 nafar psixolog va art-terapiya va robototexnika pedagoglari) pedagog bolalarga taʼlim-tarbiya bermoqda. Maktab pedagoglari bemor bolajonlar bilan ishlash, gospital maktabda taʼlimni tashkil etish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan “УчимЗнаем” loyihasi doirasida onlayn va oflayn tarzda malaka oshirib kelmoqda.