Joriy yilning 12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE) tashkiloti, UNICEF hamda milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirokidagi “Mahalliy ta’limi guruhi”ning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda GPE tashkilotining Mustaqil texnik maslahat kengashi (ITAP) tomonidan “2023-2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim sohasini isloh qilishning Milliy yo‘l xaritasi” (National Compact)da belgilangan vazifalar ijrosi, shuningdek, Islom taraqqiyot banki (ITB)ning texnik jamoasi tomonidan tayyorlangan ITB-GPE loyihasining birlamchi konsepsiyasi haqida muhim fikr va mulohazalar bildirib o‘tildi.
Aytish lozimki, yuqorida keltirib o‘tilgan “Milliy yo‘l xaritasi” (National Compact) hujjati ta’lim tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilaydi. Mazkur hujjat 5 oy davomida xalqaro va mahalliy ta’lim ekspertlari tomonidan yaratilgan bo‘lib, 2023-yilning 5-aprel kuni “Mahalliy ta’lim guruhi” a’zolari tomonidan tasdiqlangan hamda Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE) tashkilotiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan edi.
Mazkur uchrashuv davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan GPE tashkilotining tizimli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda inson resurslarini rivojlantirishga qaratilgan “System Capacity Grant” dasturiga xalqaro moliyaviy institutlar bilan birgalikda ariza berishga doir e’lon berildi.
Tadbir so‘nggida “Mahalliy ta’lim guruhi” a’zolari 2023-2026-yillarga mo‘ljallangan “Milliy yo‘l xaritasi”da belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishga doir hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishishdi.