Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga bugungi kunda yurtimizda xususiy maktab va bog‘chalar ochish tartibi hamda ularda o‘qitish narxlari haqida bir qator savollar kelib tushmoqda. Mazkur savollarga vazirlikning Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash bo‘limi bosh mutaxassisi Sardor Maxsudov batafsil javob berdi:
- Bugungi kunda O‘zbekistonda qancha xususiy bog‘cha va maktablar faoliyat olib bormoqda?
- Hozirda O‘zbekistonda 2000 dan ortiq nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 330 dan ortiq nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyati litsenziyalangan.
- Xususiy bog‘chalar qay tartibda faoliyat boshlaydi?
- Nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga litsenziya Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022-yildagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona Nizomni tasdiqlash haqida”gi 80-son Qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi yagona Nizomda belgilangan litsenziya talablari va shartlarining bajarilishini o‘rganish orqali beriladi.
-Xususiy bog‘cha va maktab ochish uchun qancha muddat kerak bo‘ladi?
- Faoliyatni boshlashga tayyor holdagi tashkilot litsenziya uchun elektron ariza yuborganidan so‘ng uning arizasi vakolatli organ tomonidan 15 kun davomida o‘rganib chiqiladi. Natija ijobiy bo‘lgan holatda, mazkur tashkilot faoliyati litsenziyalanadi. Shu o‘rinda, binoni tayyorlash, qurilish ta’mirlash hamda jihozlash ishlariga ketadigan vaqt har bir ta’lim tashkilotida turlicha bo‘lishini ham inobatga olish lozim.
-Xususiy maktab va bog‘chalarda o‘qitish narxi taxminan qanchani tashkil etadi?
-Nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qitish narxi mazkur tashkilotlar tomonidan mustaqil belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasi talablariga muvofiq, nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘qitish ta’lim oluvchi yoxud uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari va nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan, o‘qitish muddatlari, shartlari va to‘lovlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Bog‘chalarning infratuzilmasi, sharoitlari hamda joylashgan joyidan kelib chiqqan holda ularning narxlari ham turlicha. Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahrida kamida 1.5 milliondan 10 million so‘mgacha va undan yuqori, hududlarda esa bu summa 500-600 mingdan boshlab 2-2.5 million so‘mgachani tashkil etadi.
- Nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarning soni yildan yilga oshib borishiga aynan nima asosiy rol o‘ynamoqda?
- Chindan ham, bugungi kunda nodavlat maktabgacha hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni ko‘payib borayotganini alohida qayd etish lozim. Bunda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan soliqdan imtiyozlar, turli xil byurokratik to‘siqlarning oldi olinishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni optimizatsiyalanishi hamda litsenziya talablari va shartlarining soddalashtirishi kabi ijobiy o‘zgarishlar sabab bo‘lmoqda.
- Xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida ham qabul uchun navbatlar mavjudmi?
- Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qabul jarayonini o‘zining mavjud infratuzilmasi, bino quvvatidan kelib chiqqan holda mustaqil belgilaydi.
- Qanday holatlarda nodavlat ta’lim tashkilotlariga berilgan litsenziya bekor qilinishi mumkin?
-Nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga berilgan litsenziyani bekor qilishga quyidagilar asos bo‘ladi:
a) litsenziat litsenziyaning amal qilishini bekor qilish to‘g‘risida murojaat qilganda;
b) yuridik shaxs tugatilganda;
v) Shuningdek, xususiy bog‘cha va maktab faoliyatini o‘rganish jarayonida litsenziya talab va shartlarining buzilishi holatlari aniqlanganda Vazirlik holatlar bo‘yicha Iqtisodiy sudga lisenziyani bekor qilish huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati