"Ishonch" gazetasining 3-dekabr 145-sonida “Qulamasa hisob emasmi?” sarlavhali maqolasi yuzasidan
RASMIY MUNOSABAT
Joriy yilning 3-dekabr kuni "Ishonch" gazetasining 145-sonida “Qulamasa hisob emasmi?” sarlavhali maqola elon qilingan edi. Ushbu maqola bo‘yicha viloyat ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
"Ishonch" gazetasining 3-dekabr 145-sonidagi “Qulamasa hisob emasmi?” sarlavhali maqolasida Xonqa tumanidagi 19-maktabning sport zali Viloyat DAQN inspeksiyasiga 2011-yilda avariya holatiga kelib qolgani sababli, buzib, yangidan qurish taklifi berilganligi, biroq oradan qariyb sakkiz yildan ziyod vaqt o‘tganiga qaramasdan masala o‘z yechimini topmaganligi to‘g‘risida bayon qilingan.
Mazkur ma’lumot Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi va o‘rganish natijasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Xonqa tuman xalq ta’lim bo‘limiga qarashli Sarapayon qishlog‘i “Guliston” maxallasida joylashgan 19-maktab binosi 1976-yilda 944 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan. Maktab binosi 2011-yilda “Ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash” jamg‘armasi hisobidan mukammal ta’mirlangan. Ta’mirlash ishlari uchun 211,1 mln. so‘m sarf qilingan.
Viloyat Davlat arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan 2010-yilda maktabning sport zal va faollar zali binosi qismi avariya holatida deb xulosa berilgan va faoliyati to‘xtatilgan. Mablag‘ yetmaganligi sababli 2011-yil mukammal ta’mirlash jarayonida maktabning sport zal binosi va faollar zali qismi ta’mirlanmay qolgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligiga bir necha marotaba maktab sport zalini dasturga kiritish bo‘yicha taklif berilgan, biroq mablag‘ yetarli bo‘lmaganligi sababli ro‘yxatga kiritilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2019-yil 4-sentabrda o‘tkazilgan 36-sonli videoselektorning 34-bandiga asosan joriy yilda barcha umumta’lim maktablari uchun sport zallar qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va sport anjomlari bilan jihozlash bo‘yicha 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturi shakllantirildi va respublika Xalq ta’limi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklariga taqdim qilindi.
Manzilli dasturda Xonqa tumanidagi 19-sonli maktab sport zalini rekonstruksiya qilishni 2021-yilga rejasiga kiritilishi uchun taklif berilganligini bildiramiz.
Xorazm viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Matbuot xizmati