Joriy yilning 27-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarning facebook “O’zbekiston Respublikasi. Xalq fikri” sahifasida Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro Durdonaxon To‘xtaboyeva tomonidan shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sobiq direktori Yormatova Shahnozaga nisbatan shaxsiy adovati sabab murojaat qoldirgan.
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan vajlar yuzasidan qo‘yidagilarni ma’lum qiladi:
Shikoyat xatida Durdonaxon To‘xtaboyeva Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sobiq direktori Yormatova Shahnoza maktab direktorlik vazifasidan meni arizamga asosan ishdan olingan, deya ta’kidlagan. Haqiqatda esa Yormatova Shahnoza o‘z xohishiga ko‘ra (arizasiga binoan) ishdan bo‘shagan va mehnat shartnomasi bekor qilinganligi aniqlandi. (Asos: viloyat xalq ta’limi boshqarmasining 2018-yil 19-dekabrdagi 433-k-sonli buyrug‘i).
O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, maktabning sobiq direktori Shahnoza Rahmatova va fuqaro Durdonaxon To‘xtaboyevalarning o‘rtalaridagi shaxsiy adovat asossiz shikoyat xati yozilishiga sabab bo‘lgan. Ayni damda Sh.Yormatova ishsiz. Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri I.Rasulov tomonidan unga umumta’lim maktablaridan birida ishlash taklifi berilgan, lekin fuqaro rad etgani (I.Rasulov tushuntirish xati) ma’lum bo‘ldi.
Durdonaxon To‘xtaboyevaning shikoyat xati keltirilganidek, Qo‘qon shahridagi qator yangi tayinlangan maktab direktorlarining bilimi yetarli emasligi borasidagi vaj ham o‘z tasdig‘ini topmadi.
Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 41 ta umumta’lim maktablari direktorlari bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida fuqaro D.To‘xtaboyeva tomonidan o‘qituvchi hamda ta’lim rahbarlarini qadrsizlantiruvchi, hech qanday asosiz vajlardan iborat ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan:
8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori M.Muhiddinovaning fikriga ko‘ra, shikoyatchi tomonidan yozilgan fikrlar, ya’ni yangi tayinlangan ta’lim rahbarlari bilimsiz ekanligi noto‘g‘ri. Ularning barchalari oliy ma’lumotli, hatto magistratura mutaxassisligini bitirganlari ham bor. Bu esa shikoyatchini qoniqtirmagan ko‘rinadi.
39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori A.Dehqonov fikriga ko‘ra, D.To‘xtaboyeva direktor va rahbarlar bilim va saviyasi haqida gapirish va boshqarma boshlig‘i to‘g‘risida noo‘rin fikrlar bildirishdan avval aslida o‘zining kimligi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak. D.To‘xtaboyevaning bunday xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini talab qilaman.
16-umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori Yu.Sherova: Ijtimoiy tarmoqlarda biz – pedagoglar sha’niga otilgan malomat toshlariga jim qarab tura olmaymiz. Ularga nisbatan kerakli munosabat bildirish zarur, shaxsiy adovatlarni ishga, ayniqsa, ta’limga aralashtirmasliklarini so‘ragan bo‘lar edim. Men rahbarlarga nisbatan bunday uydirma gaplarning tarqalishiga, asossiz ravishda ularni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilishlariga qarshiman, degan fikr bildirdi.
17-umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori U.Azimov esa faoliyati davomida 4 marotaba malaka oshirishga borib kelganligi, tajribasi yetarli bo‘la turib bunday tuhmatga uchraganligi uchun bunday insonlarni sudga berish kerakligi talab qildi.
O‘rganish natijasida Sh.Rahmatovaga fuqaro D.To‘xtaboyeva aytganidek, Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limiga (kadrlar bo‘limi yoki boshqa lavozimlarga) mehnat faoliyatini davom ettirish uchun xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan buyruq qabul qilingan emasligi aniqlandi. Fuqaro D.To‘xtaboyeva sobiq direktor Sh.Yormatovani kelgusida ishga olingan taqdirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va shahar xalq ta’limi bo‘limini ijtimoiy tarmoqlarga tanqidiy ma’noda chiqarib yuborishlik bilan qo‘rqitib kelgan.
Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri I.Rasulovga fuqaro D.To‘xtaboyeva 2018-2019-yillar mobaynida 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sobiq direktor Shahnoza Rahmatova ustidan juda ko‘p marotaba asossiz shikoyatlar qilib kelgan.
Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimlarini ishga qabul qilish faqat xalq ta’limi bo‘limi mudiri (ish beruvchi tomonidan) I.Rasulov tomonidan amalga oshirilishi fuqaro D.To‘xtaboyevaning esidan chiqqan ko‘rinadi. Fuqaroning murojaat etishi bu uning konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi, lekin bu degani ta’limni tushunmasdan turib kimni ishga qabul qilishga tavsiya berish mutlaqo noto‘g‘ri.
Hozirgi kunda shahar xalq ta’limi bo‘limida kadrlar bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan L.Mo‘minova aslida o‘z xohishiga ko‘ra mehnat faoliyatini to‘xtatish yuzasidan 4-5 marotaba ariza berganligi, uni hech kim majburlamaganligini tushuntirish xatida ifoda etdi.
Rahbarlar o‘rtasidagi munosabat, kamsitish, uning oila a’zolarini tanqid qilish holatlariga nisbatan qonunchiligimiz yo‘l qo‘ymaydi. Shunday bo‘lsa-da, D.To‘xtaboyeva o‘zining asossiz murojaati orqali rahbar xodimlarni kamsitish va obro‘sizlantirishga harakat qilgan.
O‘rganish jarayonida Farg‘ona viloyat hokimi Sh.G‘aniyev va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatovlar o‘zaro qarindoshchilik yoki quda-andachiligi rishtalari borligi aniqlanmadi, bunday vajni qayerdan olganligidan taajjubdamiz.
D.To‘xtaboyeva o‘zining shikoyat xatida Dang‘ara va Qo‘shtepa tumanlarining ta’lim muassasalari ham asossiz tanqid ostiga olgan. Biroq, Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirilgan, Qo‘shtepa tumanida esa viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari ta’lim sifatini o‘rganish, amaliy va metodik yordam berish ishlarini olib borishgan. Ta’limdagi kamchilik va yutuqlar to‘g‘risida kerakli xulosalar qilingan, lekin “shikoyatchi” bu ishlardan bexabar ko‘rinadi.
Xalq ta’limi bo‘limi mudir o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan U.Ahmedov bugungi kunda shahardagi 7-umumta’lim maktabida ishlayotganligidan mamnunligi, u rahbariyat tomonidan yana xalq ta’limi bo‘limiga ishga taklif qilinganini eslatib, u maktabda ishlasa, ko‘proq jamiyatga foydasi tegishligini faxr bilan aytdi. Demak bu yerda ham shikoyatchi tuhmatga yo‘l qo‘ygan, desak ayni haqiqat bo‘ladi.
Joriy yilda “Ma’rifat” gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Sh.Madrahimova tomonidan Farg‘ona tumani 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori X.Turdimatova (viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatov turmush o‘rtog‘i) ustidan yozilgan tanqidiy maqolasi aslida o‘z tasdig‘ini topmagan. Ayni “Ma’rifat” gazetasining keyingi sonida raddiya e’lon qilingan.
Haqiqatan ham X.Turdimatova sudlashgan, lekin sud natijasiga ko‘ra unga qo‘yilgan vajlar o‘z isbotini topmagan. Sud qarori uning foydasiga chiqarilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudi 2018-yil 4-dekabr kungi 4-1501-1803/6375 sonli qarori, Farg‘ona tuman ma’muriy sudi 18 may 2018 yildagi hal qiluv qarori 4-201/18. Bu kabi ma’lumotlardan noxolis foydalanib, shikoyatchi D.To‘xtaboyeva Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi rahbari sha’niga bo‘hton qilgan).
Bu ishlar aslida, afsuski, ba’zi fuqarolar tomonidan rahbarlarning obro‘sini tushirish, sharmanda qilish, o‘qituvchidek sharafli va mas’uliyatli kasb egalarini mazax qilish ularning “qurol”iga aylanib qolmoqda. O‘qituvchi ham o‘z o‘quvchilarining nojo‘ya harakati va intizomi uchun tanbeh berishga haqli. Bugun o‘qituvchilarimizni ta’lim maskanlarida qilgan kichik bir xatolariga e’tibor beramizu, lekin uning g‘ururi, sha’nini himoya qilishni unutib qo‘yamiz. D.To‘xtaboyevadek shaxslar jamiyatda ta’lim sohasini tushunmasa, bugun ustozdek sharafli nomning qadriga yetmasa, qanday qilib o‘qituvchi nufuzini ko‘tarish mumkin.
Bugun ijtimoiy tarmoqlar bunday murojaatlarni qo‘llab-quvvatlayotgan, ta’lim fidokorlariga ma’nan zarar yetkazayotganliklarini chuqurroq o‘ylab ko‘rsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati