Assalomu alaykum hurmatli pedagoglar, ota-onalar va bizni oynai jahon orqali kuzatib turgan aziz yurtdoshlar! Bugungi matbuot brifingi orqali onlayn ta'lim jarayonida yuzaga kelayotgan savollarga javob berib o'tamiz.
Xabaringiz bor, 24 yanvardan boshlab koronavirus infektsiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar o'rtasida tarqalish xavfini oldini olish maqsadida respublikamizning barcha maktablarida ta'lim jarayoni bir oy muddatga "onlayn", ya'ni masofaviy shaklga o'tkazildi.
Markaziy Osiyo bo'ylab 25 yanvar kuni yuzaga kelgan blekaut sababli ko'plab IT-kompaniyalar va uyali aloqa operatorlari ish faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi. Afsuski, bu jarayon Kundalik platformasiga ham o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmadi.
Shu bois so'nggi kunlarda masofaviy ta'lim olayotgan o'quvchilarning ota-onalari va o'qituvchilardan elektron kundalik Internet platformasi bilan bog'liq ko'plab savollar va murojaatlar kelib tushdi. Bugungi brifing orqali ushbu muammoli vaziyatlarning echimini ma'lum qilamiz.
Birinchi savol: onlayn ta'lim jarayonida farzandlarimning Кундалик.сом tizimiga uyga vazifalarini yuklashida muammolar yuzaga kelmoqda, vaqtida yuklanmagani uy vazifa uchun esa o'qituvchilar tomonidan baholar pasaytirilmoqda. Shu muammoning echimi bormi?
Javob: dastlab aytish joizki, Xalq ta'limi vazirligi ko'plab murojaatlarni inobatga olgan holda o'qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug'dirish maqsadida masofaviy ta'lim davri yakuniga qadar elektron kundalik platformasi bilan bog'liq bir qator cheklov va talablarni bekor qilmoqda.
Yuqoridagi savolga qaytadigan bo'lsak, endilikda o'qituvchilar uyga vazifalarni o'quvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda Kundalik.com tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkinligini ma'lum qilamiz. Bunda televidenie orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida o'qituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar "onlayn-maktab" televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos bo'lishi lozim.
Uyga vazifa topshirilgandan keyin o'qituvchilar tomonidan ularni baholash va qo'yilgan baholarni Kundalik.com tizimiga yoki Kundalik.com joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qo'yish uchun 5(besh) kun muddat beriladi.
Navbatdagi savol: onlayn ta'lim jarayonida bizdan maktab rahbariyati kundalik ravishda har bir fandan har bir o'quvchini baholashni talab qilmoqda. Baholash jarayonida an'anaviy maktabdagi kabi yo'l tutsak bo'ladimi?
Javob: albatta, onlayn ta'lim jarayonida ham an'anaviy maktabdagi singari baholash tizimini qo'llashingiz mumkin. Ya'ni,
O'qituvchilar har kunlik uyga vazifalarni belgilangan ish me'yorlari va vaqtlari doirasida, bir kunda ko'pi bilan 20 (yigirma) foizini baholashi mumkin. Masalan, sinfda 35 nafar o'qituvchi bo'lsa, bir kunda 7 nafar o'quvchi uyga vazifa topshirib baholanadi, keyingi dars uchun keyingi 7 kishi baholanadi va hokazo, ushbu me'yordan ortiq o'quvchini baholash o'qituvchining o'z ixtiyoriga ko'ra, o'quvchi va ota-onalar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga o'qituvchilarimizga masofaviy, ya'ni onlayn shakldagi ta'lim davri mobaynida Kundalik.com statistik hisobotida "darslarni o'z vaqtida qayd etish" va "rejalashtirish" ko'rsatkichlari hisobga olinmasligini ma'lum qilamiz!
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ushbu ko'rsatma xati bugun barcha umumta'lim muassasalariga etkaziladi. Yuqorida keltirilgan muammolarni ushbu ko'rsatma xati asosida bartaraf etishga hududiy xalq ta'limi boshqarmalari rahbarlari hamda umumta'lim muassasa direktorlari shaxsan javobgar hisoblanadilar.
Fursatdan foydalanib, Xalq ta'limi vazirligi ota-onalardan farzandlarini "onlayn maktab" loyihasi doirasida efirga uzatiladigan darslarni kuzatib borishlari va uy vazifalarini o'z vaqtida bajarishlarini nazorat qilishlarini yana bir bor so'rab qoladi.
E'tiboringiz uchun rahmat, salomat bo'ling!