Joriy yilning 16 oktyabr kuni “Zoom” onlayn platformasi orqali umumtaʼlim maktablari o‘quvchi-qizlarining “Qizlarjon” o‘quvchi-qizlar sammiti doirasidagi «Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda o‘quvchi-qizlarning ishtiroki» mavzusida onlayn muloqot o‘tkazildi. Mazkur muloqotda mutasaddi tashkilot vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 24 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Muloqotni O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ochib berdi. Ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘quvchi-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishga oid o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Artikova, Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Diloram Tashmuxamedova, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Kamolxon Inomxodjayevlar o‘quvchi-qizlar o‘rtasida salbiy turli holatlarni oldini olish, o‘quvchi-yoshlarni oilaviy va ijtimoiy hayotga tayyorlash, sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni asrash qoidalariga amal qilishini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlashga erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni taʼkidlab o‘tdi.
Konferensiya jarayonida respublikada rahbar lavozimida ishlab kelayotgan ayollarimiz o‘zlarining hayotiy tajriba va maslahatlarini qizlar bilan bo‘lishishdi.
Muloqot doirasida «Qizlarjon » o‘quvchi-qizlar sammiti ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar batafsil maʼlumot va tushuntirishlar berib o‘tdi.