Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida tizimni korrupsiyasiz sohaga aylantirish, iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash orqali yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, yozgi taʼtil davrida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, kuni kecha oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining tizimda korrupsiyani oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan sayyor majlisiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Majlisda berilgan topshiriqlardan kelib chiqqan holda masʼullar oldiga “Korrupsiyasiz soha” loyihasini takomillashtirish, oʻquvchilar uchun innovatsion gʻoyalar va “halollik vaksinasi” asosida maxsus dastur va ilmiy yondashilgan kontentlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, tizim tashkilotlari oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurash reytingini joriy etish, vazirlik tizimida korrupsiya xavfi mavjud soha va yoʻnalishlarni raqamlashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-maydagi tegishli Farmonida belgilangan qator vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash hamda global mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusida ilgari surilgan maqsad va vazifalarni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha masʼullarga zarur koʻrsatmalar berildi.
Xususan, xorijiy tillar va matematika fanlaridan yuqori natijalarga erishgan hamda xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega oʻquvchilarni Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga jalb qilish boʻyicha keyingi rejalar belgilab olindi.
Muhokama doirasida yozgi taʼtil davrida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlarini oʻtkazishga doir navbatdagi vazifalar tilga olib oʻtildi.

Ushbu tashabbus doirasida 7 million oʻquvchi-yoshlar (6 million maktab oʻquvchilari) uchun madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari tashkil etiladi.
1 239 ta oromgohlarga 168 ming, “Yoz-2025” sport musobaqalariga 249 ming, 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabiga 350 ming, “Kitobxonlik festivali”ga 12 ming, “Barkamol avlod” bolalar festivaliga 42 ming, “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli jamoalari konsert dasturlariga 187 ming oʻquvchilar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Tegishli masʼul xodimlarga ushbu tadbirlarni hamkor vazirlik va tashkilotlar bilan birga belgilangan reja asosida tashkil etish choralarini koʻrish topshirildi.
Yigʻilishda davlat-xususiy sheriklik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu boradagi kelgusi masalalar koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, 2024-2025-yillar davomida davlat-xususiy sheriklik asosida 44 ta yirik loyiha (4 395 oʻrinli 22 ta bogʻcha va 10 534 oʻrinli 22 ta maktab)ni tashkil etish boʻyicha bitim imzolangan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-yanvardagi tegishli qarori asosida 2025-yilda kambagʻallik yuqori boʻlgan mahallalarda 1 000 ta oilaviy bogʻcha tashkil etish belgilangan.

Tegishli masʼullarga mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun vazirlik tasarrufidagi boʻsh turgan maʼmuriy binolarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish va ularning oʻrnida DXSH loyihalarini amalga oshirish boʻyicha zarur vazifalar berildi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.