Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom” asosida amalga oshiriladi.
Mazkur nizomning 8-bandida “Quyidagi pedagog kadrlarga malaka toifasi (lavozim) toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) berilishi belgilab qoʻyilgan:
jismoniy tarbiya fan olimpiadasining, shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi”, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarining:
tuman (shahar) bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini (1-3-oʻrin) tayyorlagan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini (1-3-oʻrin) tayyorlagan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);
xalqaro hamda respublika (final) bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini (1-3-oʻrin) tayyorlagan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga-oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi)”.
Shuningdek mazkur nizomning 23-bandida “Zaruratga koʻra, maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida, pedagog kadrdan qoʻshimcha hujjatlar talab qilinishi mumkinligi:
pedagog kadrlar toʻgʻridan-toʻgʻri attestatsiyadan oʻtkazilmasdan, malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish uchun asos boʻladigan hujjatlar” talab qilinishi mumkin.
Gʻolib va sovrindor tayyorlagan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarni aniqlashda talabnoma, diplom, hakamlar qarori va musobaqani oʻtkazish buyrugʻi taqdim qilishlari kerak boʻladi.
Ushbu hujjatlarni talab qilinishi faqat adolatli, shaffof va ochiqlikni taʼminlashga xizmat qilishini maʼlum qilamiz.
Yuqorida keltirilgan, hujjatlari toʻliq taqdim qilgan pedagoglarga 2024-yildan buyon toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli malaka toifa sertifikatlari berib kelayapti.
Shuningdek, Toshkent shahrida oʻtkazilgan musobaqa xat asosida oʻtkazilgani, buyruq chiqarilmaganligi sababli qoʻshimcha oʻrganish talab qilingan. Hozirda gʻoliblar roʻyxati tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari tomonidan tasdiqlanib, Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasiga taqdim qilingan. Tasdiqlangan hujjatga asosan belgilangan tartibda hujjatlar koʻrib chiqilib qabul qilinayapti. 2025-yilning davri mobaynida 63 nafari jismoniy tarbiya oʻqituvchilariga toʻgʻridan toʻgʻri toifa berilgan.