Bolalarda huquqiy ongni shakllantirish va huquqiy madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan multfilm oʻzbek tiliga tarjima qilindi

“Qonunga itoatkorlik madaniyatini shakllantirish yoʻlida” nomli 2016-yilda imzolangan Doxa deklaratsiyasi doirasida yaratilgan “Zorblar” (The Zorbs) multiplikatsion seriali oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Bosh Prokuratura va Birlashgan Millatlar tashkilotining narkotiklar va jinoyatga qarshi kurashish boʻyicha Markaziy Osiyodagi boshqarmasi (UNODC ROCA) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

“Zorblar” multiplikatsion filmi UNODC tomonidan 2016-yilda yaratilgan boʻlib, 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalarda huquqiy ongni shakllantirish va huquqiy madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan.

Filmda bolalarga adolat tushunchasi, kiberxavfsizlik, inson huquqlari, haqiqatni gapirish toʻgʻrisida bilim va koʻnikmalar beriladi.

Mazkur multiplikatsion serialining oʻzbek va rus tilidagi variantlaridan “Tarbiya” darsligining 1-5-sinflar uchun multimedia ilovalarini yaratishda foydalaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 20-apreldan boshlab oʻzining Youtube va Telegram kanallarida mazkur multiplikatsion serialni namoyish etib boradi.

Bundan tashqari, multiplikatsion serial Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasida tizimga kiruvchi telekanallar orqali namoyish etish rejalashtirilgan.

Share to: