Zarafshon shahridagi 1-AFCHOʻIM sport zalida faoliyat yuritgan taekvondo klubi boʻyicha bayonot

Zarafshon shahridagi 1-ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashgan maktabining

sport zalida taekvondo klubi boʻyicha Navoiy viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi.

1-AFCHOʻIMda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi boʻlib ishlab kelayotgan S.A. taekvondo klubini ochgan va maktab sport zalidan noqonuniy foydalanib kelgan. Sanitariya–gigiyena qoidalariga rioya etilmagan.

2017-2018 oʻquv yilida 100 dan ortiq oʻquvchi klubda shugʻullangan. Maʼlumotlarga koʻra, oʻquvchilar trenerga pul toʻlagan.

Maktab maʼmuriyati S.A ga maktab sport zalidan qonuniy asosda, yaʼni shartnoma tuzgan holda foydalanishni taklif etgan. Bu taklif unga yoqmagan.

2018-yil sentyabr oyida maktab sport zalini maqsadli ishlatish yuzasidan oʻqituvchi direktorga murojaat qilgan.

Vazirlar Mahkamasining 3-sentyabr 1999-yildagi “Byudjet tashkilotlarini mablagʻ bilan taʼminlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisidagi”gi qaror ijrosini taʼminlash hamda maktab maxsus hisob raqamini byudjetdan tashqari mablagʻ bilan boyitish maqsadida maktab maʼmuriyati S.A. dan uch tomonlama shartnoma tuzish va maktab sport zalini qonun talablari asosida ishlatishni talab qilgan.

Oʻqituvchi shartnoma asosida mashgʻulot oʻtishdan bosh tortgan. Trenerning soʻzlariga koʻra, u sport klubini bepul yuritgan.

Shu bilan birga, maktab sport zali 2019-yil 27-aprelidan noyabr oyiga qadar davlat dasturi asosida kapital taʼmirda boʻlgan.

Oʻqituvchi S.A. 2019-2020 oʻquv yilining sentyabr, oktyabr, noyabr va dekabr oylarida shahar xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan tasdiqlangan buyruq asosida oʻquvchilarni sport musobaqalariga tayyorlash uchun darslardan ozod etilgan.

2019-yilning sentyabridan 2020-yilning yanvar oyigacha oʻqituvchi direktorga sport klubini yuritish yuzasidan murojaat qilmagan.

Navoiy viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati

Share to: