Zangiota tumanidagi maktab oʻqituvchilari dars oʻrniga kommunal xizmatlari uchun qarzdorlik yoʻqligi haqida maʼlumot olayotganlari haqida

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi maktab oʻqituvchilari dars oʻrniga kommunal xizmatlari uchun qarzdorlik yoʻqligi haqida maʼlumot olayotganlari haqida xabar eʼlon qilindi. 

Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi mazkur maʼlumotni oʻrganib chiqdi. Mazkur topshiriq mahalliy hokimiyat tomonidan kommunal xizmatlar uchun yuzaga kelgan qarzdorlik miqdorining kamaytirish uchun berilgan. 

Shu bilan birga kommunal xizmatlari uchun qarzdorlik yoʻqligi haqida maʼlumotnomalar yoki toʻlovlarni dars paytida amalga oshirish boʻyicha topshiriq berilmagan. Oʻqituvchilar uchun dars muqaddasdir. 

Chop etilgan maʼlumotda elektr energiyasi va gaz uchun pul toʻlanmasa oylik maosh berilmas ekan, mazmunidagi iddaolar asossiz. Oʻqituvchilar oylik maoshlarini oʻz vaqtida olmoqda. 

Eslatib oʻtamiz, ish haqidan faqatgina xodimning yozma arizasiga asosan ushlab qolinishi mumkin. 

Ish haqi faqatgina qonunda koʻrsatilgan hollardagina (soliqlar undirish, sud qarorlari va boshqa hujjatlarni ijro etish va shu kabi holatlar) xodimning roziligisiz ushlab qolinishi mumkin. 

Boshqa hollarda (masalan, obuna, kommunal toʻlovlar va h.k) xodimning yozma roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolish noqonuniydir.

Share to: