Oʻzbekistonlik oʻquvchilar yana bir choʻqqini zabt etdi

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 9-14-yanvar kunlari bir guruh iqtidorli oʻquvchilardan iborat yurtimiz vakillari Qozogʻiston Respublikasi, Olma-ota shahrida matematika, fizika va informatika fanlaridan boʻlib oʻtgan 16-Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida qatnashib, munosib oʻrinlarni egallashdi.

Bu yilgi anʼanaviy fan olimpiadasida 21 ta davlatdan, jumladan, Bolgariya, Daniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Moʻgʻuliston, Nepal, Norvegiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Shvetsiya va MDHga aʼzo davlatlaridan kelgan 84 ta jamoa, jami 600 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Jahon miqyosida yuqori nufuzga ega mazkur olimpiada 2005-yildan Olma-ota shahridagi Fizika-matematika milliy maktabida oʻtkazilib, unda turli mamlakatlarning STEM (Science, Technoglogy, Engineering Math) sohasi boʻyicha ixtisoslashgan maktab jamoalari ishtirok etadi.

Yurtimiz vakillari ushbu olimpiadada munosib qatnashib, 6 ta medalni qoʻlga kiritdi. Bu esa Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼtirofning yaqqol ifodasidir.

2020-yil boshida oʻquvchilarimiz Xalqaro Jautikov fan olimpiadasida quyidagi natijalarga erishdi.

Matematika, fizika va informatika fanlaridan oʻtkazilgan 16-Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar

Oʻquvchining F.I.Sh. Taʼlim muassasasi nomi Natija
Jahongir Norboyev Buxoro viloyati, Peshku tumanidagi  18-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi

Kumush medali

Eldor Neymatov Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani,  1-IDUMning 11-sinf oʻquvchisi

Bronza medali

Diyorbek Tolibov
Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanidagi,  5-IDUMning 10-sinf oʻquvchisi
Bronza medali
Maxmudov Farrux
S.X Sirojiddinov nomidagi “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan respublika akademik litseyi oʻquvchisi
Bronza medal
Mirgʻiyosov Ibroximjon
NamDU qoshidagi akademik litseyi oʻquvchisi
Bronza medal
Xasanov Shaxboz Buxoro davlat universiteti Qorakoʻl akademik litsey oʻquvchisi Bronza medal

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yurtboshimiz va hukumatimizning bildirgan ishonchi hamda gʻamxoʻrligiga javoban oʻquvchilarimiz ushbu xalqaro olimpiadada ishtirok etib, mamlakatimiz bayrogʻini yuqori koʻtarishga sazovor boʻldi.

Aytish joizki, Eldor Neymatov, Jahongir Norboyev va Diyorbek Tolibov 2017-yil Tailandda, 2018-yil Bolgariyada va 2019-yilda JARda boʻlib oʻtgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC), shuningdek, 2019-yilda oʻtkazilgan qoʻshimcha respublika olimpiadasida ham medallarni qoʻlga kiritgan.

Mamlakatimiz oʻquvchilarini Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasidagi muvaffaqiyati bilan qutlab, kelgusi jahon fan olimpiadalarida bundan ham yuqori zafarlarni tilab qolamiz!

Share to: