Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Doniyor Ermatov ishtirokida brifing

 

 Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!

 

Eʼlon qilingan karantin rejimi hamda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun berilgan taʼtil davrida fuqarolar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatiga oid savollar kelib turibdi.

Savollarning aksariyati, kundalik.com tizimiga oid boʻlganligi sababli shuni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman:

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 17-mart kuni Toshkentda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish toʻgʻrisida qaror imzolandi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab, Toshkent shahridagi barcha umumtaʼlim maktablarida jurnal va oʻquvchilarning kundaliklarini qogʻoz shaklida yuritishni bekor qilish hamda ularni elektron tarzda yuritishga moʻljallangan yagona axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan edi.

Karantin boʻlganligi sababli bu ishlarni tezlashtirishga qaror qildik.

Albatta, aholi va oʻquvchilarning takliflari asosida bu tizim yana-da takomillashtirib boriladi.

Endi ruxsatngiz bilan ushbu savollarga javob bersak.

 

Nima uchun kundalik.com tizimida ota-ona bilan birga oʻquvchilar ham roʻyxatga olinadi? Men bolamning internetdan foydalanishiga qarshiman. Nima uchun tizimning mobil versiyasi yoʻq? Tizimdan foydalanish boʻyicha koʻrsatma bormi?

 

Oʻquvchilar kundalik.com tizimidan oddiy kundalik kabi foydalanadi. Yaʼni, unda dars jadvali bilan tanishadi, uyga berilgan vazifalarni va olgan baholarini koʻradi.

Shu bilan birga, ota-onalar ham ushbu tizimdan foydalanish imkoniyatiga ega. Ular uchun tizimda farzandlarining taʼlim olish jarayonini nazorat qilish, oʻzlashtirishi haqida maʼlumotlar olish imkoniyati mavjud.

Darslarni bajarishga oʻquvchilar masʼul boʻlsa, ota-onalar bu jarayonni nazorat qiladi. Shu tufayli ota-onalarda uy ishini yuborish imkoniyati yoʻq. Bu holda siz ushbu tizimga farzandingiz profili orqali kirib, uy ishini yuborishingiz mumkin.

Bundan tashqari, bolalarning internetdan foydalanishini cheklovchi dasturlar ham bor. Shu dasturni oʻrnatgan holda farzandingizga faqat kundalik tizimiga kirish imkoniyatini taqdim etishingiz mumkin.

Hozirgi kunga qadar kundalik.com tizimi bir necha maktablarda tajribadan oʻtkazilayotgan edi. Ayni paytda oʻqituvchilar uchun mobil dastur ishlab chiqilgan boʻlib, ota-onalar va oʻquvchilar uchun esa alohida dastur yaratilmoqda.

Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, foydalanuvchilar tizimga uy vazifalarini telefon brauzeridan ham yuborishlari mumkin.

Kundalik.com tizimidan foydalanish boʻyicha tavsiyalar Youtube, Mover.uz saytlari va uz edu online maktab kanallarida joylashtirilgan.

 

Men Samarqand viloyatidagi maktablarning birida oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Bizning maktab direktorimiz bolalarni uyiga borib dars oʻtib kelasizlar, deb majburlamoqda. Biz har bir oʻquvchini uyiga borib dars oʻtsak, virus tashuvchi boʻlib qolmaymizmi?

Avvalo, Xalq taʼlimi vazirligining tegishli buyrugʻi bilan toʻrtinchi chorakda oʻquvchilar televizion darslar yordamida taʼlim olishi belgilangan. Ushbu buyruqda oʻqituvchilarning masofadan ishlashlari boʻyicha koʻrsatmalar berilgan. Bunda oʻqituvchilar masofadan ishlash jarayonida aloqa vositalaridan foydalanishi lozim.

Savolda qayd etilgan holatni Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi masofadan oʻrganib chiqib, xabar asossiz ekanligini taʼkidladi.

 

Toshkent shahridagi maktablardan birida ishlayman. Mazkur chorakda masofadan ishlayapmiz. Oʻquvchilar va ota-onalar bilan Telegram va boshqa dasturlar yordamida ishlayapmiz.

 

Yaqinda bizga faqatgina kundalik.com orqali tekshirilgan ishlar uchun oylik toʻlanadi, boshqa tizimlar orqali hisobga oʻtmaydi, deb aytishdi. Bu qanchalik haqiqatga toʻgʻri? Axir viloyatlarda kundalik.com hali ishlamasa, bizlarga oylik bir xil toʻlanib, bir xil hisoblanmaydimi?

 

Hozirgi vaziyatda koʻpchilik uchun qulay va tanish platforma ishlatilishi maqsadga muvofiq emasmi?

Avvalo, joriy yilning 25-mart kuni boʻlib oʻtgan brifingda bu masalaga toʻxtalgan edik. Bu haqda vazirlik axborot manbalarida ham maʼlumotlar berilgan.

Kundalik.com orqali oʻqituvchilar oʻquvchilarni televizion darslar orqali bilim olishini nazorat qilib, baholab boradi.

Pedagoglar kundalik.com orqali oʻquvchilarga uy vazifalari va oʻquv materiallarini berishi, oʻquvchilar esa bajarilgan ishlarni tekshirishga yuborishi mumkin.

Yakun boʻyicha oʻqituvchilar elektron jurnalga baho qoʻyadi yoki javoblar ustida yana ishlash boʻyicha sharhlarini qoldiradi.

Mazkur tizim Toshkent shahrida joriy qilingan va oʻqituvchilar undan foydalanishlari lozim.

Kundalik tizimi viloyatlarda joriy qilinmaganligi uchun ular boshqa tizimdan foydalanishlari tavsiya etiladi.

4-savol:

Karantinda bolalarimiz uyga vazifalarini kundalik.com saytiga joylashtirish kerak ekan. Lekin farzandlarimiz oʻqiydigan maktabda sinf rahbarlari ota-onalarga ushbu saytdan qanday foydalanishni aytishmayapti. Biz qayerga uy vazifalarni yuborishni bilmay turibmiz. Oʻqituvchilarning oʻzlari ham bilmaydigan narsa uchun bolalarni qiynab nima qilasizlar? Hamma uchun saytdan foydalanish boʻyicha roliklar qilib televizorda koʻrsatsa boʻlmaydimi?

Murojaatchi farzandi qaysi maktabda oʻqishi haqida maʼlumot qoldirmagan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, Kundalik.com tizimidan foydalanish boʻyicha tavsiyalar Youtube, Mover.uz saytlari va Uz edu online maktab kanalida berilgan.

Bundan tashqari, mazkur videotavsiyalar bugungi kunda televizion darslar namoyish etilayotgan telekanallarda ham berib boriladi.

Kundalik.com tizimidan foydalanishda muammolar kelib chiqmoqda. Uy vazifalarini yubora olmayapmiz.

Bunday muammolar baʼzi foydalanuvchilarda kuzatilmoqda. Mutaxassislar bu masalani oʻrganib chiqishdi.

Tizimdan foydalanish jarayonida baʼzi ota-onalar hajmi katta boʻlgan suratlar va videolarni joylashga harakat qilgan.

Shu bois ota-onalar va boshqa foydalanuvchilarga imkon boricha hajmi kichik boʻlgan surat va videolarni joylashtirishni tavsiya qilamiz.

 

Maxsus maktab-internat tarbiyachilari masofadan ishlasa boʻlmaydimi?

Xalq taʼlimi vazirligi 4-chorak boshida oʻqituvchilarning masofadan ishlashi boʻyicha tegishli buyruq qabul qilgan.

Taʼkidlash lozimki, masofadan ishlashga oʻquvchilarga bilim beruvchi oʻqituvchilar oʻtkazildi, qolgan xodimlar, jumladan, tarbiyachilar esa pul toʻlanadigan taʼtilga chiqarilgan.

 

Men oʻzim darsga kiradigan sinflarga televizion darslar bor kunlarda topshiriq berib, baholab kelyapman. 1-aprel kuni televizion dars yoʻq edi. Direktor oʻrinbosari 1-aprelda “ishlamagan” sifatida belgilab qoʻyibdi. Uning shu ishi toʻgʻrimi? Televizion dars boʻlmagan kuni ham oʻquvchilarga topshiriq berishim kerakmi?

 

Yuqorida taʼkidlanganidek, vazirlikning tegishli buyrugʻi bilan oʻqituvchilar 1-apreldan masofaviy ishlashga oʻtkazildi.

Unga koʻra, oʻqituvchining asosiy vazifasi:

televizion darslarni muntazam kuzatib borish orqali, oʻquvchilarga oʻz fani boʻyicha televizion darsda oʻtilgan mavzuni tushunib olishlariga koʻmaklashish,

televizion dars orqali berilgan uy vazifalarini bajarishda amaliy yordam berish;

oʻquvchilar bilimini baholash kabi masofadan bajarish mumkin boʻlgan ishlar etib belgilangan (Toshkent sh. elektron kundalik, boshqa hududlarda telegramm kanali orqali bu ishlarni amalga oshirishi mumkin).

Maktab rahbariyati ish kunlarini hisoblaganda shunga alohida eʼtibor berishlari tavsiya etiladi.

 

Karantin paytida oʻqituvchilar telegramda dars oʻtishlari kerakligi yoki shartligi haqida biror hujjat mavjudmi?

 

Vazirlikning tegishli buyrugʻi asosida oʻqituvchilar 
1-apreldan masofadan ish boshlashdi.

Yuqorida aytib oʻtganimdek, oʻqituvchilar televizion darslarni muntazam kuzatib borish orqali, oʻquvchilarga oʻz fani boʻyicha televizion darsda oʻtilgan mavzuni tushunib olishlariga koʻmaklashish, televizion darsda berilgan uy vazifalarini bajarishda amaliy yordam berish, oʻquvchilar bilimini baholashi kerak.

Ushbu jarayonda oʻqituvchilar aloqa vositalaridan foydalanishiga toʻgʻri keladi.

 

Onlayn taʼlim standartlari mavjudmi? Onlayn taʼlim qanday mezonlarda olib boriladi? Dars va uy ishi boʻyicha yuklamalar belgilanganmi?

 

Televizion darslar umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti va tayanch oʻquv rejasi asosida toʻrtinchi chorak mavzularini oʻz ichiga qamrab olgan.

Dars va uy vazifalar mazmuni yuqorida aytib oʻtilgan hujjatlarga asoslangan.

Shu oʻrinda, oʻqituvchi va ota-onalar oʻquvchilarning televizion darsda berilgan mavzuni oʻzlashtirishlari va uy ishlarini bajarishlarini nazoratga olishlari kerak.

Oʻqituvchilar qoʻshimcha bilim olishni istagan oʻquvchilarga, ularning ota-onalari bilan kelishgan holda qoʻshimcha topshiriqlar berishlari ham mumkin.

 

Share to: