Oʻqituvchilarga muddatli toʻlovga texnika sotib olish imkoniyatini beruvchi pilot loyihaga start berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va alifshop.uz oʻqituvchilarga imtiyozli shartlar asosida muddatli toʻlovga elektron uskunalar, jumladan planshet va noutbuklarni sotib olishga imkoniyat beruvchi pilot loyihasini ishga tushirdi. 

Loyihaning birinchi bosqichi barcha mexanizmlarni tekshirib olish uchun Toshkent shahridagi uchta maktabda amalga oshiriladi. Jumladan, pilot loyiha ilk bosqichida poytaxtimizdagi 144-, 217- va 222-maktablarni qamrab oladi. 

Yuqorida keltirilgan maktab oʻqituvchilari muddatli toʻlovga planshet va noutbuklarni sotib olishlari mumkin. 

Mamlakatimizda oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻqituvchilarning oyliklari oshirildi. Yangi tashabbus bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir. 

- Xalq taʼlimi vazirligining asosiy vazifalaridan biri oʻqituvchi kasbining jamiyatdagi mavqeini oshirishdir. Bu maqsadga erishish uchun davlat va xususiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Biz alifshop.uz ga loyiha boʻyicha hamkorlik hamda oʻqituvchilarga imtiyozli shartlarda muddatli toʻlovga elektron uskunalar sotib olish imkoniyatini taqdim etganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz, — dedi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov. 

Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, muddatli toʻlovga elektron uskunalar sotib olish ixtiyoriydir. 6-fevral kuni alifshop.uz vakillari 144-, 217- va 222-maktab oʻqituvchilari bilan uchrashuvoʻtkazib, muddatli toʻlovga elektron uskunalar sotib olish shartlari boʻyicha batafsil maʼlumot berdi. 

Muddatli toʻlovga elektron uskunalar sotish boʻyicha hamma mexanizmlar tekshirib olinganidan keyin tomonlar loyihani Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa viloyatlaridagi maktablarda kengaytirishi mumkin. Shu bilan birga oʻqituvchilar muddatli toʻlovga sotib olishi mumkin boʻlgan texnikalar roʻyxati ham kengaytiriladi. 

alifshop.uz — muddatli toʻlovga mahsulotlarni sotuvchi elektron platformadir. Loyiha asoschilari hamda jamoasi mamlakatimizda taʼlim va inson potensialini rivojlanishiga oʻzlarining kamtarona hissasini qoʻshish niyatida. 

Xalq taʼlimi vazirligi oʻqituvchilar uchun qoʻshimcha qulaylik va xizmatlarni taklif etuvchi boshqa tashkilotlarni ham hamkorlikka chaqiradi.

Share to: