“Raqsning maftunkor jilosi” va “Ijodkor bolalar” tanlovlarida gʻoliblar aniqlandi

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “5 tashabbus taʼtilda” onlayn tanlovlar doirasida joriy yilning iyul-avgust oylarida oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida 7 ta koʻrik-tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabar berilgan edi.

Joriy yilning 6 -16-iyul kunlari telegram ijtimoiy tarmoqlarida tashkil etilgan “Raqsning maftunkor jilosi” va “Ijodkor bolalar” tanlovlarida gʻoliblar aniqlandi.

Ushbu tanlovlar oʻquvchilarning haqiqiy iqtidor va isteʼdodlarini koʻrsatishda zamin boʻldi.

“Raqsning maftunkor jilosi” milliy va jahon raqslari tanlovida oʻquvchilar tomonidan jami 1764 ta videoroliklar kelib tushdi (shundan 1052 tasi oʻzbek milliy raqslari).

Shu oʻrinda aytish joizki, oʻquvchilar oʻzbek milliy raqslari bilan bir qatorda, turli davlatlar raqslarini koʻrsatish orqali sanʼatning cheksizligini koʻrsatib bera olishdi.

Tanlovga yuborilgan videoroliklar hakamlar hayʼati tomonidan tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida baholandi va eng yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar gʻolib deb topildi.

Tanlov natijalariga koʻra oʻzbek milliy raqsida 3 nafar va jahon milliy raqsida 3 nafar oʻquvchilar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.

Oʻzbek milliy raqsi gʻoliblari

1-oʻrin. Emir Narzullayev – Samarqand viloyati, Samarqand shahar 24-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 2-sinf oʻquvchisi.

2-oʻrin. Asal Ahmedova – Buxoro viloyati, Buxoro shahar 24-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 1-sinf oʻquvchisi.

3-oʻrin. Tolipova Muqaddas – Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani 160-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi.

Jahon milliy raqsi gʻoliblari

1-oʻrin. Muxtorov Jamshid – Navoiy viloyati, Navoiy shahar 7-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi.

2-oʻrin. Muxlisa Ahmedjanova – Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani 16-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi.

3-oʻrin. Jizel Zakirova – Toshkent shahar, Yunusobod tumani 257-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchisi.

Mazkur tanlov bilan bir qatorda “Ijodkor bolalar” tanloviga ham start berilgan edi. Mazkur tanlovda esa 8 mingdan ortiq oʻquvchi-yoshlardan 2362 ta ijodiy ishlar kelib tushdi.

Tanlovda oʻquvchilar tomonidan chizilgan turli sanʼat asarlari, mustaqilligimizni madh etuvchi ijodiy ishlar, ona tabiatga mehr-muhabbat kabi bir qator mavzularda asarlar yuborilgan boʻlib, hakamlar hayʼati tomonidan eng yaxshi deb topilgan 3 nafar oʻquvchilarning asarlari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

“Ijodkor bolalar” tanlovi gʻoliblari

1-oʻrin. Dilobar Yunusova – Jizzax viloyati, Gʻallaorol tumani 22-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi.

2-oʻrin. Lolaxon Yusupova– Xorazm viloyati, Urganch shahar 22-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi.

3-oʻrin. Eldar Askarov – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qoʻngʻirot tumani 44-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi.

Eslatib oʻtamiz, “5 tashabbus taʼtilda” onlayn tanlovlar doirasida yana 5 ta tanlov bosqichma-bosqich oʻtkaziladi va joriy yilning 30-avgust kuniga qadar davom etadi.

Share to: