Noyob pedagogik mahorat sohibasi

Bolajon birinchi sinfga qadam qoʻyar ekan, unga maktabning muqaddasligini, muvaffaqiyatga erishishining poydevori boʻlgan oʻqish va yozishni, sanashniyu fikrlashni oʻrgatadigan inson – bu birinchi muallimdir.

Birinchi ustoz bolalarning nafaqat oʻqituvchisi, balki ramziy maʼnoda onasi hamdir. 4 yil davomida har bir oʻquvchisiga alohida mehr, eʼtibor, talabchanlik bilan munosabatda boʻladigan, bolalarning isteʼdodini yuzaga chiqarish uchun har biriga alohida yondashadigan, ustozlardan biri Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, 144-umumiy oʻrta taʼlim maktabi boshlangʻich taʼlim fani oʻqituvchisi Nodira Azizovadir.

Mana 26 yildirki, Nodira Azizova yuqori malakali pedagog sifatida yosh avlodning bilim va tafakkurini yuksaltirish, ularni sogʻlom va barkamol qilib voyaga yetkazish, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida samarali mehnat qilib kelmoqda.

N.Azizova faoliyati davomida 4 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma yaratgan.

Yangi avlod darsliklarini tajriba-sinovdan oʻtkazish boʻyicha Respublika taʼlim markazining ekspert guruhi aʼzosi sifatida “Alifbe”, “Oʻqish kitobi”, “Ona tili” darsliklarini takomillashtirishda oʻzining amaliy takliflari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Amaldagi “Alifbe” darsligi taqrizchisi, “Savod oʻrgatish” metodik qoʻllanmasi tuzuvchi muallif, “Savod oʻrgatish” metodik qoʻllanmasi uchun multimedia ilovasi tuzuvchi muallif, 1-sinflar uchun “Atrofimizdagi olam” metodik qoʻllanmasi uchun multimedia ilovasi tuzuvchi muallif, maktab oʻquvchilari uchun “Husnixat daftari” oʻquv qoʻllanmasi muallifidir.

n.jpg

Tajribali ustoz tomonidan 2019-yilning oʻzida boshlangʻich sinflar uchun “Bir chiziqli daftarda yozuv mashqi”, 1-sinf oʻquvchilari uchun “Atrofimizdagi olam fanidan test topshiriqlari”, 2-sinf oʻquvchilari uchun “Atrofimizdagi olam fanidan ish daftari” metodik qoʻllanmalari ishlab chiqilgan.

Uning tashabbusi bilan maktabda “Yosh ota-onalar” klubi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, «Oila-mahalla-taʼlim muassasasi» konsepsiyasi asosida oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasida ota-onalar bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatilgan.

Uning oʻquvchilari turli yillarda “Ifodali oʻqish”, “Chiroyli yozuv” yoʻnalishlarida, “Matematika”, “Ona tili” fanlari boʻyicha oʻtkazilgan turli tanlovlarda yetakchi oʻrinlarni egallab kelishmoqda.

Oʻquvchilarning muvaffaqiyati bejiz emas. Zero, “bolalar deganingizni emas, qilganingizni qiladi”, deb bekorga aytilmagan. Bu jajjigina isteʼdodlarning ustozi 2017-yilda “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining shahar bosqichida sovrinli 1-oʻrinni egallagan.

N.Azizovaning “Boshlangʻich taʼlim” jurnalida chop etilgan turkum maqolalari (2017-yil 1-son: “Kitobga muhabbat uygʻotish maktabi”, 2-son:“Kitobni avval oʻzimiz oʻqib, uqaylik”, 4-son: “Bolada kitobga mehr uygʻotish: uzviylik, izchillik, eʼtibor va ragʻbat”, 8-son:“Kitob oʻqib yozma nutqni rivojlantirish”) ni kasbdoshlarining eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Turkum maqolalari bilan N.Azizova mazkur jurnal tomonidan eʼlon qilingan tanlovda “Eng yaxshi metodik material” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan.

Tajribali, mehnatsevar, aql-zakovatli, tirishqoq, kamtarin, izlanuvchan boʻlgan bu ustoz 2017-yilda Toshkent shahri miqyosida fanlar integratsiyasi orqali oʻquvchilarni darslarga boʻlgan qiziqishlarini oʻstirish boʻyicha “Soʻz” mavzusida mahorat darsi oʻtkazgan.

Ustozning har bir darsini namuna sifatida olish, ochiq dars sifatida oʻrganish mumkin. Uning oʻtayotgan darslaridan nafaqat sinf oʻquvchilari, balki ularning ota-onalari ham tez-tez bahramand boʻlib turishadi.

Bugungi kunda butun dunyo taqdirini oʻzgartirib yuborgan pandemiya sababli taʼlim tizimi oʻz faoliyatini onlayn davom ettirar ekan, N.Azizovaning darslaridan nafaqat oʻz shogirdlari, balki butun respublika bolalari bahramand boʻlishdi. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tashkil etilgan «onlayn-maktab» loyihasi davomida oʻzi kabi fidokor ustozlar safida 4-sinf uchun matematika, ona tili, oʻqish, tabiatshunoslik, odobnoma kabi fanlardan televizion saboqlarni olib bordi.

N.Azizova televideniye orqali oʻtgan onlayn-darslari uchun turli viloyatlarda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilardan va ularning oʻquvchilari hamda ota-onalaridan juda koʻp ijobiy fikrlar va tashakkurnomalar kelmoqda. “Onlayn maktab” loyihasi oʻqituvchining yangi qirralarini ochib berdi va loyihaning eng peshqadam qahramonlaridan biriga aylandi.

Yuqori malakali pedagog, jonkuyar va samimiy inson sifatida hamkasblari hamda aholi hurmatini qozongan.

Nodira Azizovaning tinimsiz mehnati besamar ketmadi. U xalq taʼlimi tizimining “Xalq taʼlimi fidoiysi”, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Share to: