Muzrabot tumanidagi 44-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Mohigul Boboqulovaning murojaatiga munosabat

Muzrabot tumanidagi 44-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Mohigul Boboqulovaning xalq taʼlimi boʻlimi mudiri T.Oʻtayevning xatti-harakatlaridan norozi boʻlib ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaati Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻrganildi.

M.Boboqulova bu haqda bir necha yildan buyon turli xil Respublika va viloyat idora hamda tashkilotlariga toʻxtovsiz murojaat qilib kelmoqda. Jumladan, M.Boboqulovaning Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga yuborgan shikoyati 2019-yil 22-noyabr kuni viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan shaxsan uning oʻzi ishtirokida oʻrganilganda murojaatda koʻrsatilgan vajlar oʻz isbotini topmagan. Bu haqda murojaat muallifiga tushuntirish berilgan.

Shundan soʻng M.Boboqulova “Murojaatlarimni birortasini oʻzim yozmaganman. Bu murojaatlarni boshqa kishi yozib berardi. Endilik kunda oʻylab koʻrib barcha men tomonimdan keladigan arizalarni oqibatsiz qoldirishni soʻrayman” deb tushuntirish xati yozib bergan.

Malumotlarga koʻra M.Boboqulovaning T.Oʻtayevning xatti-harakatlari ustidan yozgan ariza-shikoyatlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan oʻrganilmoqda. Oʻylaymizki, ushbu murojaatlar yuzasidan qonuniy toʻxtamga kelinadi .

Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati

Share to: