Maktabda sinf rahbari hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari yuritayotgan hujjatlar soni qisqartirildi

Xalq taʼlimi vazirligining umumiy oʻrta taʼlim muassasasining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va sinf rahbarlari faoliyati samaradorligini oshirish haqidagi buyrugʻi tasdiqlandi.

Xalq taʼlimi vazirligining 180-sonli buyrugʻi bilan umumiy oʻrta taʼlim muassasasining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va sinf rahbarlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida yangi tahrirdagi nizomlar tasdiqlandi.

Mazkur nizomlar bilan bogʻliq asosiy oʻzgarishlar maktablarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va sinf rahbari tomonidan yuritiladigan hujjatlarning soni bilan bogʻliq.

Xususan, 2020/2021-oʻquv yilidan eʼtiboran maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari tomonidan shu kunga qadar yuritib kelinayotgan hujjatlarning soni 7 tadan 4 taga, sinf rahbarining esa 4 tadan 2 taga qisqartirildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu oʻzgarishlar Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan soʻnggi yillar davomida tizimda ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirish orqali umumtaʼlim maktablarida taʼlim-tarbiya ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish yoʻnalishidagi ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Aynan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va sinf rahbari tomonidan maktablarda oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga odob-axloq qoidalarini oʻrgatish, yod gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishlarining oldini olish, turli xil gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarning sodir etilishi oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish orqali oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli band etish kabi vazifalar amalga oshiriladi.

Yuritiladigan hujjatlarning sonini kamaytirish yoki optimallashtirishdan koʻzlangan asosiy maqsad, umumtaʼlim maktablarida tashkil etilayotgan tarbiyaviy ishlarning bevosita manzilli va izchil koʻrinish kasb etishiga erishishdan iborat. Yaʼni, taʼlim muassasalarida “xavf guruhi”ga kirgan oʻquvchilarning har biri bilan yakka tartibda koʻproq shugʻullanish orqali ularning ijtimoiy reabilitatsiya jarayonini tezlashtirish koʻzda tutilgan.

Umid qilamizki, tizimdagi mazkur oʻzgarishlar yaqin istiqbolda umumtaʼlim maktablarida tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshishiga xizmat qiladi. Zero kelajagimiz boʻlgan yoshlarning tarbiyasi bugungi kunda allaqachon hayot-mamot masalasiga aylanib ulgurdi.

Share to: