Ilk bor xalqaro standartlar asosida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 16 ta davlat umumtaʼlim maktablari barpo etilishi va davlat-xususiy sheriklik asosida chet ellik investorlarni jalb etish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining umumiy oʻrta taʼlim maktablariga ehtiyoj yuqori hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasini regulation.gov.uz saytida muhokama uchun eʼlon qildi.

Mazkur qaror loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida katta sigʻimli zamonaviy hamda xalqaro standartlarga javob beruvchi davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari qurilishi, jihozlanishi, ularning har besh yilda joriy taʼmirlanishi, shuningdek, ularga davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim muddati davomida muntazam va yuqori darajali texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash uchun xususiy investorlarni jalb etish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra ushbu davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 100 mln. AQSH dollari ekvivalentidagi xususiy investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda.

Loyiha asosida tashkil etiladigan maktablar jahon taʼlim standartlari va milliy taʼlim dasturlarini oʻzida mujassamlashtirgan holda oʻquvchilarning zamon talablariga mos infratuzilmalar yordamida tahsil olishlari, shuningdek, maktab hududida oʻz vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlariga koʻmaklashadi.

Qaror loyihasi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun dastlabki tanlab olingan hududlar hamda loyihani amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh tarkibini oʻz ichiga olgan boʻlib, muhokama hamda kelishuv davomida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Qaror loyihasida umumiy oʻrta taʼlim maktablar tashkil etilishi koʻzda tutilgan hududlar, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining hududlariga chiqqan holda dastlabki oʻrganishlar natijasida umumiy oʻrta taʼlim maktablariga ehtiyoj yuqori deb topilgan hududlarni oʻz ichiga olgan.

Mazkur havola https://regulation.gov.uz/uz/document/20703 orqali qaror loyihasi bilan batafsil tanishishingiz mumkin. Xalq taʼlimi vazirligi muhokamalarda faol ishtirok etishingizni soʻraydi. Qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 26-avgust kuniga qadar davom etadi.

Share to: