Xalqaro ekspertlar: O'zbekiston ta'limga strategik sarmoyalar kiritish orqali iqtisodiy o'sishni jadallashtirishi mumkin

O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi va Jahon banki ta'lim sohasidagi o'nlab mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro forum tashkil etdi. Tadbir ishtirokchilari Yevropa va Osiyo davlatlarining ta'limga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy o'sishni jadallashtirish bo'yicha tajribasini ko'rib chiqdilar. Shuningdek, O'zbekiston raqobatbardoshligini oshirishi mumkin bo'lgan yoshlarning bilimi hamda zamonaviy kasb-hunar va texnik ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mamlakatdagi islohotlar tanqidiy tahlil qilindi.

Tadbir Jahon banki tomonidan O'zbekistondagi inson kapitali rivojlanishi va iqtisodiy o'sishga ta`lim sohasining ta'sirini baholash, shuningdek hukumatga ushbu sohadagi keyingi chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ko'maklashish maqsadida o'tkazilgan tahliliy tadqiqotlar doirasida tashkil etildi.

Forumning oflayn va onlayn formatida ta'lim va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari uchun mas'ul vazirliklar va idoralar, mamlakatning yetakchi oliygohlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi. Ular ta'lim tizimini isloh qilish va uni jahon standartlariga muvofiqlashtirish mamlakat iqtisodiyotiga, uning o'sishi va kelgusi rivojlanishiga qanday ta'sir qilishi mumkinligini muhokama qildilar.

photo2021-06-0822-40-56.jpg

Mahalliy va xalqaro ekspertlar ta'lim sohasidagi islohotlarning global tendentsiyalari haqida gapirdilar. Xususan, bilim va o'quv materiallari mazmuni asosida o'qitishdan jahon iqtisodiyotidagi muammolarni hal qilish uchun zarur bo'lgan ko'nikma va malakalarni rivojlantirishga o'tish to'g'risida.

Tadbir davomida o'z davlatlarida ta'lim islohotlarini amalga oshirishda muhim rol o'ynagan Janubiy Koreya, Polsha va Niderlandiyaning sobiq ta'lim vazirlari nutq so'zladilar. Ular inson kapitalini rivojlantirish va o'z aholisining bilimlari darajasini kuchaytirish orqali iqtisodiy o'zgarishlarga asos yaratgan jahon darajasidagi ta'lim tizimlarining evolyutsiyasi haqida gapirib berishdi.

«Xalqaro tajriba shuni ko'rsatadiki, daromad darajasi past bo'lgan iqtisodiyotdan muvaffaqiyatli ravishda yuqori daromadli mamlakatlarga aylangan davlatlar o'zlarining ta'lim tizimlarini rivojlantirishga katta mablag' sarflaganlar. Shunday qilib, o'quvchilarning o'zlashtirish ko'rsatkichlarining oshishi 1-2% iqtisodiy o'sish sur'atlariga olib kelishi mumkin. O'zbekiston hukumati tomonidan ta’lim sohasidagi strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish mamlakatnining dunyo sahnasida raqobatbardosh iqtisodiyotga aylanishiga zamin yaratishi mumkin», - dedi Marko Mantovanelli, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Forum ishtirokchilarining ta'kidlashlaricha, inson kapitalining yetarlicha yuqori darajada emasligi O'zbekistonning qo'shimcha xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy o'sish bo'yicha imkoniyatlarini cheklaydi. Masalan, mahalliy bozordagi firmalar o'zlariga zarur bo'lgan kasbiy-texnik ko'nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo'lmaydilar, malakali ishchi kuchining yetishmasligi esa ularning o'sishiga eng jiddiy to'siqlardan biri hisoblanadi. Ushbu holat iqtisodiyotda yangi korxonalar uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan, ish beruvchilar tomonidan yosh ishchilarga qo'yiladigan talablar ta'lim tizimi beradigan ko'nikmalar va bilimlarga mos kelmasligi tufayli yanada og'irlashadi.

Forum ishtirokchilari, shuningdek, maktab o'quvchilarining ta'limida jiddiy yo'qotishlariga olib kelgan COVID-19 ta'sirini tahlil qildilar. Natijada, dunyo bo'ylab o'quvchilarning aksariyat qismining bilimlari minimal bilim darajasiga tortmaydi. Agar hukumatlar aholining jabr ko'rgan qatlamlari o'rtasida ta'lim yo'qotishlarini qoplash bo'yicha shoshilinch harakatlar qilmasa, pandemiyaning ta'limga ta'siri o'nlab yillar davomida iqtisodiyotga ham o'z ta'sirini o'tkazadi. Agar maktabda o'qishning har bir yili daromad darajasini o'rtacha 8% ga oshiradi deb hisoblasak, COVID-19 sababli o'quvchilarning ta’limdagi yo'qotishlari va o'qish davomiyligining qisqarishi ularning kutilgan daromadlarini taxminan 3,5% ga kamaytiradi.

O'zbekistonga kelsak, COVID-19 pandemiyasi oqibatida olinmagan bilimlar sababli alohida o'quvchilarning daromadlari yo'qotilishi natijasida jami iqtisodiy yo'qotishlar yiliga 425 million AQSh dollarigacha bo'lishi mumkin (2011 yildagi xarid qobiliyati pariteti bo'yicha). Ko'pgina mamlakatlar singari, O'zbekiston ham ta'lim uchun yetarli miqdorda byudjet mablag'larini zaxiralashi, talabalarning yo'qotgan bilimlarini qoplashi, ularning maktabni tashlab ketishlariga yo'l qo'ymaslik uchun choralar ko'rishi va kelajakda boshqa inqiroz sharoitida ishlay oladigan ta'lim tizimini yaratishga investitsiya qilish kerak.

photo2021-06-0822-40-57.jpg

“O'zbekiston hukumati ta'lim sohasini va yoshlarning zamonaviy kasbiy-texnik mahoratini rivojlantirishga investitsiya qilishning katta ahamiyatini tushunadi. 2016 yildan boshlab hukumatning sa'y-harakatlari o'quvchilarga mehnat bozori talablariga javob beradigan bilim va ko'nikmalarni beradigan ta'lim sohasini modernizatsiya qilishga yo'naltirilgan. Ushbu yondashuv innovatsion va jadal rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga xosdir. O'zbekiston ta'lim sohasida o'z oldiga ulkan maqsadlarni qo'ygan. Xususan, Xalq ta'limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasida 2030 yilgacha mamlakat PISA (The Program for International Student Assessment) reytingida - O'quvchilarning ta'limdagi yutuqlarini baholash bo'yicha xalqaro dastur – dunyoning yetakchi 30 mamlakatlari qatoriga kirishi ko'zda tutilgan», - deya ta'kidladi, O'zbekiston xalq ta'lim vaziri Sherzod Shermatov.

Mahalliy va xalqaro ekspertlar, ta'lim va mehnatning turli darajalari o'rtasida muvofiqlashtirilgan o'quv dasturlariga davlat mablag'larini shoshilinch ravishda jalb qilish inson kapitali darajasini va aholining kasbiy mahoratini oshirishi mumkin degan fikrga kelishdi. Ushbu chora-tadbirlar iqtisodiy o'sishga, O'zbekistonning jahon iqtisodiyotiga yanada integratsiyalashuviga, shuningdek, mehnat bozori talablariga yaxshi tayyorlangan fuqarolarning daromadlari o'sishi tufayli turmush darajasini yaxshilashga asos yaratadi.

Share to: