Xalq taʼlimi vazirining oʻqituvchi va ota-onalarga murojaati

Hurmatli oʻqituvchilar, aziz ota-onalar!

Xalq taʼlimi vaziri lavozimiga kirishganimga koʻp fursat oʻtmadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimiz kelajagini belgilab beruvchi oʻta masʼuliyatli sohani menga topshirilishi, soʻzsiz juda katta javobgarlikni yukladi.

Taʼkidlash joizki, faoliyatimning ilk kunidanoq tizimda bugungacha amalga oshirilgan va qilinishi lozim boʻlgan ishlar bilan ozmi-koʻpmi tanishdim. Darhaqiqat, qilingan ishlar koʻpligi kabi qilinadigan ishlar ham undan kam emas. Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yoʻq.

Eʼtiborli jihati, lavozimga kirishganimning ilk kunlari xizmat safari bilan Jizzaxga bordim. Joylardagi maktablarga kirdim, holat bilan tanishdim. Viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Dilfuza Sadriddinovaning aytgan bir gapi menga juda qattiq taʼsir qildi. Afsuski, bugun ayrim ota-onalar orasida farzandlariga:

“Oʻqigin bolam, hech boʻlmasa oʻqituvchi boʻlasan”, deganlari ham uchrayotgan ekan. Bu gap menga juda ogʻir botdi. Bugun bizning oldimizda turgan birinchi galdagi vazifa mana shunday notoʻgʻri qarashni yoʻq qilish!

Bir insonning mustaqil va yetuk shaxs sifatida kamol topishida maktabning roli juda katta. Aynan maktabda insonning “Men” degan tushunchasi shakllanadi. Shuning oʻzi mazkur sohada faoliyat yuritayotgan har bir insonning oldiga ulkan masʼuliyat, yaʼni bir shaxs taqdiri orqali millat, davlat va kelajagimizning taqdiriga javobgarlik yotganini anglatadi.

Buning uchun, avvalo, pedagoglarning, oʻqituvchilik kasbining mavqeini koʻtarishimiz kerak. Toʻgʻri, tan olish kerak, oʻqituvchilarning ham barchasi birdek emas. Fidoyi oʻqituvchilar bor, afsuski bu kasbga adashib yoki ilojsizlikdan kirib qolgan oʻqituvchilar ham bor. Lekin oʻqituvchilik va fidoyilik tushunchalari doimo hamohang boʻlgan. Oʻqituvchi zimmasidagi masʼuliyatni ich-ichidan his qilishi kerak. Kelajagimiz taqdiri oʻqituvchilarimiz qoʻlida.

Inson borki, farzandim, deb yashaydi! Bas, shunday ekan, xalq taʼlimi sohasiga hech birimizning befarq boʻlishga haqqimiz yoʻq! Konimex, Qonlikoʻl, Sherobod, Olot degan chekka hududlarimiz bor. U yerdagi ota-onalar hamda bolalarning kelajakka ishonchini uygʻotish oʻz qoʻlimizda. Ota-ona: “Oʻqib dunyo olib berarmiding, chiq tomorqada ishla” deb emas, “Oʻqi, bilim ol bolam, kelajakda buyuk inson boʻlasan!”, deb yashashi lozim. Muhandis boʻlaman, olim, vazir yoki shifokor boʻlaman, degan bolaning shahdi sinishiga yoʻl qoʻymasligimiz lozim. Oldimizda turgan asosiy vazifa bolaning ham, ota-onaning ham oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini oshirish!

Buyuk faylasuf Aristotel shunday degan: “Taʼlimning ildizlari achchiq, lekin mevasi shirin”. Bugungi achchiq mehnatimiz, albatta, kelajakda oʻzining shirin mevasini beradi. Bugun biz xalq taʼlimi tizimidagi 7 million aholi taqdiri orqali butun xalqimiz, vatanimiz kelajagiga taʼsir oʻtkazamiz. Buning javobgarligini har bir sohada faoliyat yuritayotgan inson his qilishi lozim. Har birimiz taʼlim rivoji uchun nima qila olaman, degan oʻy bilan yashasak, maqsadimizga erishamiz. Bugun jamoaning oldiga aynan mana shu vazifani qoʻydim va bu yoʻlda ular men bilan kamarbasta boʻlishlariga ishonaman. Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va yuksak ishonchni oqlashimiz zarur!

Bugun vazirlik tomonidan Xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha kelgusi 5 yillik Milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Shu bois men har biringizdan yuqorida aytilgan yoʻnalishlarda, yaʼni oʻqituvchi nufuzi, oʻquvchilarning taʼlim olishga boʻlgan ishtiyoqini oshirish, umuman xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalaringizni izohlarda hamda ushbu havoladagi soʻrovnoma orqali kutib qolaman.

 

Share to: