Xalq taʼlimi vaziri kecha tunda ijtimoiy tarmoqda tanqid ostiga olingan maktab holatini oʻrganish uchun Qashqadaryo viloyatiga bordi

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov kecha ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan “Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 68-maktab ogʻir ahvolda” degan maqoladagi vaziyatni oʻrganish uchun bugun mazkur maktabda boʻldi.

Oʻrganish natijasida bugun 338 nafar oʻquvchi tahsil oladigan mazkur maktab 1985-yilda qurilgan boʻlib, maktabning ahvoli haqiqatdan ham talabga javob bermasligi maʼlum boʻldi.

photo2021-11-2414-10-35.jpg

Holatni oʻrganar ekan Baxtiyor Saidov maktabni kelgusi yil investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan tegishli masʼullarga koʻrsatma berdi. Shuningdek bugungi kunda Qarshi tuman xalq taʼlimi boshqarmasi lavozimi vakant boʻlgani bois, mazkur lavozimga nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Maktabga ishchi tashrif davomida vazir maktab pedagoglari bilan suhbatda boʻldi.

“Maktabingizni investitsiya dasturiga kiritib, holatini imkon boricha tez fursatlarda yaxshilab berishga harakat qilamiz. Bugun sizlardan soʻraydigan narsam, oʻzingiz taʼlim va tarbiya berayotgan oʻquvchilar orqali oilalarga maʼnaviyat va maʼrifat olib kirishingiz kerak. Har bir bola orqali biz jamiyatga maʼrifat ulasha olishimiz kerak. Shunda oldimizga qoʻyilgan maqsadga erishamiz”, — deydi vazir.

photo2021-11-2414-11-34.jpg

Shundan soʻng vazir sinf xonalarga kirib oʻquvchilarga vazir darsini oʻtib berdi. Dars davomida oʻquvchilarga oʻzlari uchun yorqin kelajak yaratishga bugundan harakat qilishlari zarurligini uqtirdi:

“Yaxshi kasb egasi boʻlish uchun bugundan oʻz ustingizda ishlashingiz lozim. Bugun mehnat qilsangiz, oʻqisangiz oʻz ustingizda ishlasangiz ertaga albatta yuksak marralarni zabt etasiz”, — dedi Baxtiyor Saidov.

Baxtiyor Saidovning viloyat maktablarini oʻrganish jarayoni davom etadi.

Share to: