Fan Olimpiada gʻoliblari tashabbusi bilan Xalqaro onlayn olimpiada maktabi tashkil etildi

Oʻzbekistonda fan olimpiadalarni ommalashtirish maqsadida soʻnggi yillarda turli fanlardan Xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyat qozongan koʻngilli yoshlar tomonidan Oʻzbekistonda Al-Xorazmiy Xalqaro olimpiada (onlayn) maktabi tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yanvar oyida akademiklar va yosh olimlar bilan uchrashuvda tijorat banklariga fan olimpiadalarini rivojlantirishga homiylik qilish boʻyicha berilgan koʻrsatmasiga binoan Olimpiada maktabini «Oʻzsanoatqurilishbank» oʻz otaligʻiga olgan. Bank iqtidorli oʻquvchilarning xalqaro olimpiadalarda qatnashishini va ular koʻrsatgan yuqori natijalarni ragʻbatlantirib kelmoqda.

Maktab oʻzining ilk natijalarini koʻrsatishga ulgurdi.

d514c60d07f09481bf131.jpg

Mart oyida Rossiyaning nufuzli SIRUS iqtidorli bolalar markazi tomonidan oʻtkazilgan Kavkaz Xalqaro Matematika olimpiadasida 8 nafar oʻzbekistonlik oʻquvchilar qatnashib, 3 ta kumush va 3 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

e1e9b35dc512b64533d8f.jpg

Shuni qayd etish joizki, har yili Sirius dunyo tan olgan malakali mutaxassislari ishtirokida “Yozgi maktab” tashkil etadi. Ushbu maktabga qatnashish istagida boʻlganlar oyiga 12 ming rubl toʻlov amalga oshirib, yozni shu maktabda oʻtkazadi. Joriy yilda butun dunyoda pandemiya boʻlayotganligi sababli, “Yozgi maktab” onlayn tarzida olib borilmoqda. Ilk marta oʻzbekistonlik oʻquvchilar ham mazkur maktabda 25 davlat oʻquvchilari bilan ishtirok etmoqda. 12-18-mart kunlari Xalqaro KMO xamda SIRUS Ijrochi direktori A.Gorbachev bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida oʻzbekistonlik iqtidorli yoshlarga bepul 15 ta oʻrin ajratishga muvaffaq boʻlindi.

d3aca94876cc19329185e.jpg

Bugungi pandemiya sharoitida ham onlayn maktabi amaliy ishlarni toʻxtatib qoʻymadi, ular bank homiyligida www.khiso.uz veb saytini ishga tushirdi va u orqali muntazam ravishda turli fanlardan onlayn olimpiadalar oʻtkazib, gʻoliblarni ragʻbatlantirib kelmoqda.

Bugungi kunga qadar maktab 10 ta fandan barcha sinflar kesimida 75 dan ortiq onlayn fan olimpiadalarini oʻtkazishga ulgurdi.

Al-Xorazmiy Xalqaro olimpiada maktabi jamoasi barcha oʻquvchilarga vaqtdan unumli foydalanishni va www.khiso.uz veb sayti orqali roʻyxatga oʻtgan holda onlayn tanlovlarda faol qatnashishni tavsiya qiladi.

Yurtimizda va butun dunyoda pandemiya tugaganidan soʻng Olimpiada maktabi oʻzbekistonlik oʻquvchilarni dunyo maydonlariga olib chiqishga oʻz hissasini qoʻshishda davom etadi.

Share to: