Har bir dars oʻquvchi hayotida unutilmas voqea boʻlib qolmogʻi zarur

Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan inson ota-onalaru bolajonlar chin dildan suyib mehr qoʻygan, “men ham sizdek ustoz boʻlaman“, deya niyat qilgan kasbdoshlari havas qilgan, fan bogʻining mirishkor bogʻboni Shamsiyeva Yulduz Iskandarovnadir.

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 272-sonli umumtaʼlim maktabi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Shamsiyeva Yulduz Iskandarovna chin maʼnoda fidokor ustoz, jonkuyar pedagog, kasb mahorati sirlarini oʻrtoqlashuvchi kasbdosh.

Yusuf Xos Hojib uquv-idrokni qorongʻu tundagi mashʼalga, bilimni esa oʻsha mashʼaldan taralayotgan nurga qiyoslaydi. Haqiqatdan, Shamsiyeva Yulduz oʻzining uquv-idroki bilan bolajonlar hayot yoʻllarini charogʻon etib, nurli kelajak sari yetaklamoqda.

Ustozimiz muntazam ravishda oʻz ustida ishlaydi, oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga, nutqini ravon, husnixati talab darajasida boʻlishiga harakat qiladi, ota-onalar bilan aloqada boʻlib, farzandlari tarbiyasiga yetakchi ekanliklarini taʼkidlab, birgalikda ishlashga undaydi. Uning bunday kuyunchakligi besamar ketmay, oʻquvchilarning darsdagi faolliklarida kuzatiladi. Darhaqiqat, har kishi ezgulik qilishi kerak, ezgu insonning har bir ishi chiroyli, har bir qadami goʻzal.

47895.jpg

Ezgulik yoʻlini, bilim yoʻlini oʻzi uchun eng maqbul yoʻl deb bilgan Shamsiyeva Yulduz nafaqat ustoz, balki mohir ruhshunos hamdir. Chunki bolajonlarni oʻz atrofida jipslay oladi, qalblariga yoʻl topib, bilimlar saltanatiga ergashtira oladi, ragʻbatlantiruvchi omillar bilan taʼsir oʻtkazib dars jarayonining yana-da qiziqarli boʻlishiga erishadi.

Har bir dars oʻquvchi hayotida unutilmas voqea, fikrida yangi kashfiyot boʻlib qolmogʻi uchun oʻqituvchi oʻquvchini passiv tinglovchidan faol ishtirokchi darajasiga chiqarishi zarur. Bunda oʻqituvchidan yuksak intellektual qobiliyat, oʻquvchilarning qiziqishlarini toʻgʻri aniqlab, maqsad sari yoʻnaltira olish talab qilinadi. Turli texnik vositalar, koʻrgazmali qurollar yordamida oʻquvchilarning ijodiy tafakkurini oʻstirish, mantiqiy fikr yuritishlarini rivojlantirish yoʻllarini izlab, yangi-yangi pogʻonalarni zabt etib kelmoqda.

Shamsiyeva Yulduz nafaqat maktabda, tuman miqyosida oʻtkaziladigan turli tadbirlarda ham faol. Turli seminarlarda ochiq darslari bilan ishtirok etib salohiyatini namoyon etmoqda. 2017-yil “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovida tuman bosqichida birinchi oʻrinni, Toshkent shahri miqyosida 2-oʻrinni egalladi.

2018-2019 oʻquv yilida oʻtkazilgan anʼanaviy avgust kengashi hamda seminarlarda trener sifatida faol qatnashib Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan fidokorona mehnatlari uchun faxriy yorliq bilan taqdirlangan.

Taʼlim mutasaddilarining fidoyi ustozlar faoliyatini munosib bahosi sabab Shamsiyeva Yulduz kabi ustozlar anvoyi chechaklar misol har bir yerda unib, bilimli bolajonlarning koʻpayishiga sabab, keyingi ishlariga qanot boʻlmoqda. 2019-2020-oʻquv yilining birinchi yarim yilligida boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining shahar forumida “Xalqaro PIRLS tadqiqotlari doirasida oʻqish savodxonligini baholashning umumiy yondashuvlari” mavzusida trener oʻqituvchi sifatida ishtirok etdi. Mohir pedagog 2019-2020 oʻquv yilida boshlangʻich taʼlim fan oyligi doirasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi ochiq dars” tanlovida 1-oʻrinni egallagani buning yaqqol isbotidir. Uning bu muvaffaqiyati ham munosib ragʻbatlantirildi.

2020-yil fevral oyida Xalq taʼlimi vazirligi hamda USAID (AQSHning xalqaro rivojlantirish agentligi) tashkiloti bilan hamkorlikda olib borgan “Oʻzbekistonda taʼlim tizimini isloh qilish dasturi” mavzusidagi seminarda RTI (International) tomonidan berilgan sertifikat sohibi boʻldi.

Shamsiyeva Yulduz har qanday vaziyatda ham yurt chaqirigʻiga labbay deb javob beradigan fidoyi ustoz. Hozirgi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab sharoitda ham televizion darslar orqali barcha ota-onalar va bolajonlar koʻnglidan joy oldi. Shirin tabassumi, ifodali soʻzlashi, muomalasi bilan har bir xonadonga kirib bordi. Shu sababli haqli ravishda “Onlayn maktab” loyihasining eng faol ustozlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

Shamsiyeva Yulduzning tinimsiz mehnati besamar ketmadi. U “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

U kabi oʻz kasbining ustalarini hech bir mubolagʻasiz davrimiz qahramonlari deb atasak xato boʻlmaydi.

Share to: