Yangi 2021-2022 oʻquv yilida maktablarda darslar gibrid shaklda davom etishiga tayyorgarlik koʻrilmoqda

Yangi 2021-2022 oʻquv yili yaqinlashgani sari ota-onalardan uning qanday shaklda boʻlishi borasida koʻplab savollar kelib tushmoqda.

Barchangizga maʼlumki, bugungi kunda butun dunyodagi kabi yurtimizda ham koronavirusga chalinish holatlari davom etmoqda. Eng achinarlisi, oʻtgan yildagiga nisbatan maktab yoshidagi bolalar orasida ham kasallik tarqalishi holatlari koʻpaygani kuzatilmoqda.

Shu bois Xalq taʼlimi vazirligi yangi 2021-2022 oʻquv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik koʻrayotganini maʼlum qiladi. Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati Markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga koʻra ayrim maktablar karantinga yopilib masofaviy tizimga oʻtkazilishi mumkin.

Bunday holatlarda oʻquvchilar taʼlimni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. Oʻquvchining masofadan taʼlim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali “Onlayn maktab” loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi.

Shu oʻrinda Xalq taʼlimi vazirligi anʼanaviy taʼlimni toʻliq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini soʻrab qoladi. Hech qanday eng zamonaviy masofaviy taʼlim tizimi ham bevosita maktabdagi taʼlim oʻrnini bosa olmaydi.

Hurmatli ota-onalar!

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda farzandlaringizni imkoniyatingiz doirasida maktabga tayyorlashingiz mumkinligini va bunda karantin talablariga rioya qilishingizni soʻrab qolamiz.

Shu oʻrinda bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yoʻli bu vaksinatsiya, shu bois sizlardan oʻzingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashishingizni soʻrab qolamiz.

Share to: