11 yillik taʼlim tizimiga oʻtilishi qizlar orasidagi erta tugʻruq holatlarini 34 foizga kamayishiga sabab boʻldi

Oʻsmir homiladorligi bu har qanday mamlakat uchun birday taʼsir qiluvchi global muammo sanaladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, rivojlanayotgan mamlakatlarda 15 yoshgacha boʻlgan oʻspirin qizlarda kamida 777 000 tugʻruq holati qayd etilgan. Oʻsmirlarning homiladorligi qashshoqlik, taʼlimning past boʻlgan cheklangan aholi guruhlarida koʻproq uchraydi. JSST hisob-kitoblariga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida oʻsmirlarning tugʻruq darajasi dunyo boʻyicha 11,6 foizga pasaygan. Shu bilan birga, ushbu koʻrsatkich boʻyicha hududlar oʻrtasida katta farqlar mavjud. Masalan, oʻsmirlar oʻrtasida tugʻilish darajasi Sharqiy Osiyoda 7,1, Markaziy Afrikada esa 129,55 ga yetadi. AQSH, Rossiya, Afrika davlatlari, Osiyo va Yevropaning ayrim davlatlarida 15-17 yoshdagi qizlar oʻrtasida erta tugʻruq holatlari oʻrtacha har 10 000 nafar qizdan 50-100 tasida uchraydi.

Oʻzbekistonda voyaga yetmagan qizlar oʻrtasidagi erta tugʻruq holatlari tahlil qilinganda, 2017-yildan boshlab 11 yillik umumtaʼlim tizimiga oʻtilishi bilan erta tugʻruq holatlarining soni pasayishi kuzatilgan. Misol uchun 2016-2017-yillar davomida 15-17 yoshdagi qizlar oʻrtasida jami 429 tugʻruq holati qayd etilgan boʻlsa, 2018-2019-yillar davomida ushbu koʻrsatkich 34 foizga kamayib, 284 tani tashkil qilgan.

Erta tugʻruq holatlari sodir etilishi koʻrsatkichining kamayishi holatini umumtaʼlim maktablarida tahsil olayotgan qizlar soni nisbatiga taqqoslaganda ham koʻrish mumkin:

2017-yilda Xalq taʼlimi tizimida tahsil olayotgan har 12995 nafar qizga 1 ta tugʻruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0076%);

2018-yilda tizimda tahsil olayotgan har 15169 nafar qizga 1 ta tugʻruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0066%);

2019-yilda tizimda tahsil olayotgan har 23666 nafar qizga 1 ta tugʻruq toʻgʻri kelgan (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0042%).

11 yillik taʼlim tizimining qaytgani mazkur muammoning mamlakatimiz miqyosidagi asosiy yechimi sifatida baholash mumkin, sababi maktabni tark etgan oʻquvchi kollej yoki litseyga borganda oʻzining axloqini bemalol, ijtimoiy nazoratsiz transformatsiya qilishi (oʻzgartirishi), oʻsmir muayyan submadaniyatga osongina immitatsiya (taqlid) qilishi mumkin boʻlgan va bu jarayonda uni yangi ijtimoiy guruh shundayligicha qabul qilgan.

Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda voyaga yetmaganlar orasida erta tugʻruq holatlarini oldini olish maqsadida “Mustahkam oila”, “Ahil oila”, “Hayotga qoʻshil”, “Ijobiy fikrlashni oʻqitish” kabi targʻibot ishlari olib borilmoqda.

Share to: