“Maktabni samarali boshqaramiz”

Malaka oshirish o`ziga xos ta'lim turi bo`lib, bunda mutaxassisning kasbiy mahorati professionallik sari rivojlantiriladi. Shu ma'noda, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida vazirlik tasarrufidagi rahbar xodimlar malakasini oshirish barobarida ularning kasbiy, ma'naviy, metodik tayyorgarligini yuqori ko`tarish, shuningdek, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, pedagogik hamda psixologik 
bilimlarini yuksaltirishga alohida e'tibor qaratilayotir. Kurs toifalari uchun maqsadli, dolzarb mavzuda olib borilayotgan o`quv mashg`ulotlari kurs tinglovchisining istak, xohish va ehtiyojlari asosida maktab boshqaruvi muammolari va ularning yechim yo`llarini to`g`ri tanlash yo`nalishida tashkil qilinadi. Chunonchi, o`quvlar davomida umumta'lim maktabida Direktor jamg`armasidan maqsadli foydalanishning yo`l-yo`riqlari, moliyaviy savodxonlikni oshirish masalalari, o`quvchilarni kasbga yo`naltirish bilan bog`liq ba'zi holatlar, o`quvchilarning bo`sh vaqtlaridan to`g`ri foydalanish mexanizmini to`laqonli ishlatish hamda ularning ma'naviy-ma'rifiy immunitetlarini shakllantirish kabi o`nlab dolzarb muammolarga yechim izlanib, ularni bartaraf etish yo`llari birgalikda muhokama etilayotir. Muhokamalar jarayonida eng faol direktorlar nomi qayd etib borilayapti. 
Darvoqe, yaqinda yosh direktorlar guruhida o`tkazilgan "Maktabni samarali boshqaramiz" mavzusidagi seminar-treningda ham bir qator yetakchi maktab direktorlari kashf qilindi. Ana shunday maktab direktorlari bilan suhbatlashganimizda guruh sardori Shahrisabz tumanidagi 68-maktab direktori Shavkat To`qsonov, shu tumanning 42 va 47-maktab direktorlari Shavkat Ro`ziev hamda Farrux Esonov tumandagi ilg`or texnologiyalarni respublika maktablariga yoyish kerakligi, bu texnologiya orqali "Bir o`quvchiga besh kitob" ma'naviy-ma'rifiy tadbiri joylarga tatbiq qilinsa, "Oila, maktab, mahalla hamkorligi" konsepsiyasining amaldagi natijasi kafolatini ta'minlashini ta'kidlashdi. 
O`qituvchilar sulolasining yosh vakilasi Qibray tumanidagi 40-maktab direktori Mahmuda Ro`zmatova maktablarda malaka oshirish uzviyligini ta'minlash, o`quv metodik xizmatdan to`g`ri foydalanish, har bir o`qituvchining kasbiy mahorati uzluksiz monitoringini olib borish zarurligini ta'kidladi va qadrdon maktabida ma'lum tajribalarning mavjudligi haqida bergan axboroti barchada qiziqish uyg`otdi. Asaka tumanidagi 9-maktab rahbari Dilobar Fatiddinova va Qo`qon shahridagi 28-umumta'lim maktabi rahbari Shahnoza Mahmudova metodbirlashmalar faoliyatini rivojlantirish monitoringi bosqichlari haqida chiqishlar qilishdi hamda ijodiy ko`rgazmali taqdimot ishlari o`tkazishdi. Taqdimot ko`pchilik direktorlarning o`z faoliyatlarini yana bir karra tahlil qilib olishlariga imkon berdi. Seminar-trening yakunida maktab direktorlarining bilim, ko`nikma va malakalari o`rganildi, tahlil qilindi hamda boshqaruvga asoslangan mahsuldor faoliyat turlari izchil tasnif etildi. 




Maqola sanasi Maqola sanasi: 09 Mart 2010 13:21


Yangiliklar bolimiga o'tish


  


Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2010
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi