Iqtidorli o`qtuvchilar aniqlandi

Respublikamiz umumiy o`rta ta'lim maktablarining barcha fanlar bo`yicha iqtidorli va qobiliyatli o`qituvchilarini aniqlash, qo`llab-quvvatlash, ulardagi noyob fazilatlarni yanada rivojlantirish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi nihoyasiga yetdi.
O`n uch nafar fan o`qituvchilari ishtirokida tashkil etilgan ko`rik-tanlovning shahar va tuman bosqichlarida umumta'lim maktablaridan tashrif buyurgan 15 ming nafar pedagog-o`qituvchi ishtirok etgandi. Ana shu quyi bosqich bellashuvlarida ularning 208 nafari g`olib sifatida saralanib, viloyat bosqichida o`z mahoratlarini namoyish etdilar. 
- Tanlovning ushbu bosqichida ishtirokchilar mutaxassisligi bo`yicha tayyorlab kelgan ishlari, amaliy mashg`ulot va noan'anaviy uslubdagi darslari, ish tajribalarini taqdimot qildilar, - deydi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ta'lim markazi direktorining o`rinbosari Zayniddin Nuriddinov. - Ularni malakali pedagog-o`qituvchilar, mutaxassislardan tarkib topgan hakamlar hay'ati baholab bordi. Tanlov jarayonida bir-biridan iqtidorli va ijodkor o`qituvchilar aniqlandi. Shulardan 13 nafari g`olib deb topilib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi. 
- Tanlovda jami 97 ball to`pladim, - deydi Qo`shrabot tumanidagi 15-umumta'lim maktabining ingliz tili fani o`qituvchisi Dilafro`z Ulashova. - Fan yutuqlari, o`qitish uslublari, samaradorlikni oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan izlanishlar, chet el pedagoglarining tajribalari bilan yaqindan tanishganligim g`oliblikni qo`lga kiritishimga asos bo`ldi. Eng muhimi, hamkasblarimdan noan'anaviy dars o`tish, yangi pedagogik texnologiyalar, dars o`tishning o`ziga xos uslublarini o`rgandim. Bu - tanlovning keyingi bosqichlarida, albatta, asqotadi.
O`qituvchi bola qalbiga yo`l topa olmas ekan, uning sinfda o`zlashtirish va amaradorlikka erishishi qiyin. Pedagog darsga alohida tayyorgarlik bilan kirishi, har bir o`quvchisining ichki dunyosi, qiziqishlari, orzu-havaslari bilan tanishishi, kezi kelganda, ularga do`st va sirdosh bo`la olishi lozim. Ana shunday o`qituvchigina yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalashdek mashaqqatli va mas'uliyatli vazifani ado etishi, elning, yurtning ishonchini oqlashi mumkin. Tanlovda ishtirokchilarning aynan shu yo`nalishdagi ishlariga ham alohida e'tibor qaratildi. 
Ko`rik-tanlov g`oliblari ayni paytda yakuniy respublika bosqichi bellashuvlariga qizg`in tayyorgarlik ko`rishmoqda.




Maqola sanasi Maqola sanasi: 04 Mart 2010 10:27


Yangiliklar bolimiga o'tish


  


Bolalar musiqa va san'at maktablari

 Copyright © 2010
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi