Yoshlikning eng beg`ubor damlarini, go`zal xotiralarni "o`z bag`ri"ga joylagan maktabning ramziy ma'nodagi birinchi va so`nggi qo`ng`irog`i doimo hayajonli kechgan. O`quvchi maktabga, mehribon o`qituvchisi quchog`iga birinchi bor ana shu sado orqali qadam qo`ysa, "So`nggi qo`ng`iroq" orqali, yana bir qutlug` ostona - katta hayotga kuzatiladi.
Mana, kechagina birinchi qo`ng`iroq sadolari ostida ilk bor maktab ostonasini hatlagan 595295 nafardan ortiq 9-sinf, 108533 nafar 11-sinf bitiruvchilari yaqin orada katta ta'limning keyingi bosqichiga, mustaqil hayotga yo`llanma olishadi.
Ana shunday e'tiqodli, iqtidorli o`quvchilarni bag`riga olgan, ularga ilm sirlarini o`rgatgan ta'lim maskanining "Bitiruv kuni" hamda 2008-2009 o`quv yilining yakuniga bag`ishlangan "So`nggi qo`ng`iroq" tadbirlari joriy yilning 25 may kuni barcha umumta'lim maktablarida ertalabki salqinda o`tkaziladi.
O`quv yili davomida maktablarda o`tkazilgan qator tadbirlar ichida "So`nggi qo`ng`iroq" va "Bitiruv kuni" ota-onalar, o`qituvchilar, o`quvchilar uchun nihoyatda esda qolarli, hayajonli damlardir. Chunki bitiruvchilar o`tgan yillar davomida barcha fanlar sir-asrorlarini mehribon ustozlaridan o`ziga xos uslublarda o`rgandilar, o`gitlariga quloq tutdilar, odob-axloq doirasida ta'lim-tarbiya oldilar.
"So`nggi qo`ng`iroq", "Bitiruv kuni" tantanasini o`tkazish uchun maktab ma'muriyati zaruriy chora-tadbirlar rejasini va tadbirni o`tkazish tartibini avvaldan ishlab chiqishlari maqsadga muvofiqdir.
Tadbir o`tkaziladigan joy barcha texnik va yong`in xavfsizligi qoidalariga to`liq javob berishi, o`quvchilar va ishtirokchilar uchun soya-salqin joy bo`lishi va albatta, did bilan bezatilishi lozim. Tadbir sahnasi va atrofini davlatimiz ramzlari, Prezidentimizning o`quvchi-yoshlarga qarata aytgan samimiy so`zlari, "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili" munosabati bilan tayyorlangan turli devoriy gazetalar, quyi sinf o`quvchilarining bitiruvchi sinf o`quvchilari uchun tayyorlagan
tabriknomalari, bukletlar hamda bayramona fotosuratlar, kasb tanlashga oid to`garak ishlari namunalari, shu bilan birga "Oq yo`l, qaldirg`ochlar!", "Sizga ehtirom, ustozlar", "Maktab - seni sog`inamiz", "Bilimlar sari olg`a", "Maktabimiz bir umr qalbimizda!", "Oq yo`l sizga, aziz bitiruvchilar", "Bolaligim bag`ringda qoldi" mazmunidagi plakatlar bilan bezash tavsiya etiladi.
Tadbirga tuman (shahar) hokimliklari, xalq ta'limi bo`limi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, ota-onalar qo`mitasi vakillari, "Mahalla" jamg`armasi, mahalla faollari, homiylar, maktabni tugatib ketgan sobiq o`quvchilar, hukumatimiz tomonidan taqdirlanganlar, olimlar, mehnat fidoyilari vakillarini taklif etish maqsadga muvofiq.
Tadbirni maktab direktori ochib, bitiruvchilarni tabriklaydi. So`ng madhiya ijro etiladi, O`zbekiston Davlat bayrog`i ko`tariladi.
Tadbirda, shuningdek, mamlakatimiz xalq ta'limi tizimida 18 yil ichida erishilgan yutuqlar, o`zgarishlar, amalga oshirilayotgan ishlar, O`zbekiston yoshlariga ko`rsatilayotgan imkoniyatlar, "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili"da amalga oshirilayotgan ishlar sharhlanib, badiiy havaskorlik dastalarining ijod namunalari namoyishi, turli ko`rik-tanlovlar, bellashuvlar tashkillashtirilsa, yanada fayzli bo`ladi. Unda bitiruvchi sinf o`quvchilari o`tgan davr ichida xotiralarida chuqur iz qoldirgan shodiyona kunlar, erishgan yutuqlari, bu yutuqlarga rahnamolik qilgan aziz ustozlari, birinchi o`qituvchilari haqidagi fikrlari hamda birinchi yodlagan she'rlari, ustozlarga bag`ishlab o`zlari yozgan she'r va esda qolgan qiziqarli voqealarni aytib berishlari mumkin.
Kechada bitiruvchilar hamda sobiq o`quvchilar bir zum yoshlik xotiralarining shirin lahzalarini eslab, sevimli maskanlariga o`zlarining esdalik sovg`alarini (badiiy adabiyotlarni) topshirishlari mumkin.
Albatta, har bir ta'lim muassasasining o`z yutuqlari, muvaffaqiyatlari bo`ladi. Tadbir davomida tuman, viloyat, respublika, xalqaro ko`rik-tanlovlar, olimpiadalar, jamoat ishlarida, musiqa tanlovlarida va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o`quvchilarni rag`batlantirish, boshqalarga o`rnak qilib ko`rsatish tantanaga alohida mazmun baxsh etadi va quyi sinf o`quvchilarida havas hissini uyg`otadi.
Har bir ota-ona o`z farzandining kamolini, baxtini ko`rishni istaydi. U farzandi haqida biror shirin so`z eshitsa ko`ngli tog`dek ko`tariladi. Tadbirda o`quvchilarning "Eng ibratli bola", "Eng faol o`quvchi", "Ijodkor o`quvchi", "Yosh ixtirochi", "Eng zukko o`quvchi", "Maktabimiz faxri", "Istiqlol farzandi", "Iqtidorli o`quvchi", "Sport ustasi", "Kuchli o`quvchi", "Kompyuter ustasi", "Shaxmat ustasi" degan nominasiyalar bilan taqdirlanishi ota-onalarga ko`tarinki kayfiyat bag`ishlaydi. Maktabning boshlang`ich sinf o`quvchilari tomonidan tayyorlangan "Biz sizning izdoshlaringizmiz" nomli maxsus konsert dasturi ham kechaga o`zgacha zavq bag`ishlab ular o`rtasida ruhiy yaqinlik rishtalarini bog`laydi.
Bitiruvchilarga shahodatnoma topshirish marosimi ham ko`tarinki ruhda o`tkazilsa maqsadga muvofiq. Shahodatnoma topshirish marosimini tantanali ravishda, eng namunali bitiruvchilar davlat bayrog`ini ko`targan holda, madhiya ijrosi bilan boshlash zarur. Tantanada, albatta, har bir bitiruvchining ota-onasi ishtirok etishini ta'minlashga harakat qilish lozim. Chunki shahodatnoma olish nafaqat farzand uchun, balki ota-ona uchun ham unutilmas sana bo`lib qoladi. Tadbirda akademik lisey, kasb-hunar kollejlari vakillari ishtirok etishlari maqsadga muvofiq. Bitiruvchilarga shahodatnoma bilan birga tashxis markazi tavsiyasi ilova qilib topshiriladi.
Maktabni a'lo baholar bilan tugatgan o`quvchilarni faxriy yorliqlar bilan taqdirlash, ta'lim muassasasida tashkil etilgan "Bizning faxrimiz" kitobiga fotosuratini kiritishni e'lon qilish ularni yanada ruhlantiradi.
A'lochi o`quvchilar, tashabbuskor o`qituvchilar, maktabga amaliy va ma'naviy yordam bergan ota-onalar, homiy tashkilotlar sha'niga iliq so`zlar aytilib, tabriklash lozim.
Tantana davomida taklif etilgan mehmonlar va bitiruvchilarning dil so`zlari tinglanadi.
Bayram tadbirida har bir maktabning shu o`quv yilida erishgan yutuqlari tilga olinishi lozim. Xususan, "Yil maktabi", "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovi, "Umid nihollari" sport musobaqasi, tuman, shahar, viloyat, respublika, xalqaro miqyosda o`tkazilgan fan olimpiadalarida maktab jamoasi va o`quvchilarning ishtiroki e'tirof etilib, g`oliblar namuna qilib ko`rsatiladi.
Bitiruvchilar shahodatnomani qo`lga olgach, ulardan ayrimlari ko`nglidan o`tayotgan tuyg`ularini ifodalash uchun o`rtaga chiqishi mumkin. Tantananing rasmiy qismi tugagach, albatta, badiiy qismi davom ettiriladi.
Mazkur tadbirni nechog`li uyushqoqlik, samarali o`tkazish maktab ma'muriyati hamda tadbirni tashkillashtirgan ishchi guruhiga bog`liq.
Shu o`rinda ta'kidlash lozimki, ushbu tadbir munosabati bilan bitiruvchilardan pul yig`ish, maktab rahbarlari va o`qituvchilar uchun turli qimmatbaho sovg`alar olish hamda tantanalarni o`quvchi yoki o`qituvchilarning xonadonlarida, restoran yoki qahvaxonalarda mablag` talab etadigan tarzda o`tkazish qat'iy taqiqlanadi.
Tadbirni o`tkazish bo`yicha barcha xavfsizlik choralarini ko`rish umumta'lim maktabi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
XTV Ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish Bosh boshqarmasi,
RTM "Ma'naviy va ma'rifiy ishlar" bo`limi
| Maqola sanasi: 19 May 2009 17:01 |










