Sirdaryo viloyati Xovos shaharchasida 150 o‘ringa mo‘ljallangan yangi zamonaviy musiqa va san’at maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Farzandlarimiz qalbi va tafakkurida go‘zal fazilatlarni tarbiyalash, ona yurtga sadoqat tuyg‘usini qaror toptirishda musiqa va san’atning o‘rni beqiyos. Zotan, bolalikdan san’atga oshufta bo‘lib ulg‘aygan avlod yuksak ma’naviyatli, ezgulikka oshno, chinakam vatanparvar inson bo‘lib yetishadi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida musiqa va san’atni rivojlantirish, bolalarni milliy va jahon musiqa san’ati namunalaridan bahramand etish, iste’dodli yoshlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar zamirida ana shu ezgu maqsad mujassam.
Davlatimiz rahbarining 2008 yil 8 iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda. Yurtimizning barcha joylarida musiqa va san’at yo‘nalishida bolalarga ta’lim-tarbiya berishning izchil va samarali tizimi shakllantirildi. Zamonaviy shart-sharoitlarga ega musiqa va san’at maktablari bunyod etilayotir.
Bugungi kunda Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufida 14 musiqa va san’at maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda yosh iste’dod egalari fortepyano, turli milliy cholg‘ular ijrochiligi, estrada, musiqa, raqs san’ati, xor yo‘nalishi bo‘yicha bilim va mahoratini oshirmoqda.
Davlat dasturiga muvofiq 2009-2011 yillarda viloyatda oltita musiqa va san’at maktabi yangidan qurildi. 2012 yilda esa uchta o‘quv maskanini kapital rekonstruksiya qilish, 2013-2014 yillarda beshta yangi musiqa maktabi bunyod etish rejalashtirilgan.
Yangi ochilgan bilim dargohining boy moddiy-texnik bazasi, zamonaviy anjomlar hamda o‘quv jihozlari, musiqa asboblari, adabiyotlar bilan ta’minlangani bolalarning musiqa va san’atga oid bilimini oshirish, iqtidorini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Musiqa maktabining 2-sinfida tahsil olaman, – deydi Nigora Aliqulova. – Maktabimizga ko‘plab jihozlar qatori yangi 15 pianinoning olib kelinishi bizni behad quvontirdi. Bu musiqa asarlarini mukammal o‘rganishimizga yordam beradi.
Musiqa va san’at maktabining ochilishida Sirdaryo viloyati hokimi O.Ashurmatov ishtirok etdi.
| Manba: Uza.uz |
| Maqola sanasi: 21 Dekabr 2011 11:25 |










