Uzb        Rus        Eng         
Fuqarolar murojaati

281 ta
murojaat kelib tushdi

228 ta
murojaat ko'rib chiqildi

17 ta
murojaat ko'rib chiqilmoqda

24 ta
murojaat rad etildi

6 ta
murojaat bekor qilindi

(2014 yil 17 sentyabr holatiga)

Bitiruv imtihonlari qaysi usulda o`tishini istaysiz?

Test
Og`zaki
Yozma
Ikki bosqichda

Natijalar
Bu yerda Siz bizni yangiliklarga a`zo bo`lishingiz mumkin
A`zo bo`lish


MY.GOV.UZ
GOV.UZ
PRESS-SERVICE.UZ
CCITT.UZ
ZIYONET.UZ
EDUPORTAL.UZ
MULTIMEDIA.UZ
KITOB.UZ
BARKAMOL.UZ

    
    
 
 
  

Ilg`or va tashabbuskor o`qituvchi kim?

Umumta'lim maktablarida faoliyat ko`rsatayotgan eng ilg`or, mahoratli va izlanuvchan o`qituvchilar tajribalarini keng ommalashtirish, ta'lim-tarbiya sifati va mazmunini oshirishga xizmat qiluvchi pedagogik texnologiyalarni aniqlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan. Bu borada har yili an'anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining o`rni va ahamiyati beqiyos. Mazkur an'anaviy tanlov joriy yil Mustaqilligimizning 20 yilligi munosabati bilan o`ziga xos tarzda tashkil etildi. Har yilgidan farqli ravishda tanlov shartlari, o`tkazish tartiblari, baholash mezonlari hamda ishtirokchilarga qo`yilgan talablarga ta'lim sifati va mazmunini oshirish, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va internetdan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek, qatnashchilarning mamlakatimizda olib borilayotgan ta'lim siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan xabardorligi nuqtai nazaridan o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Eng muhimi, "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining barcha bosqichlari qat'iy mezonlar asosida bevosita amaliyot, bugungi kun talablari, o`qituvchilar egallashi lozim bo`lgan eng zarur bilim, ko`nikma va malakalarga bog`langan holda o`tkazilmoqda.

- Bu yil "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovi respublika bosqichi o`ziga xos yangiliklarga boy tarzda o`tmoqda, - deydi Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig`i Abdurahim Nosirov. – O`z viloyatida eng yuqori natijalarni qayd etgan o`qituvchilar respublika bosqichida ham 4ta tur bo`yicha bilim va malakalarini sinovdan o`tkazmoqda. Tanlov shartlari bevosita amaliyot, hayot bilan bog`liq.

 BIRINCHILAR E`TIROF ETILDI

 Poytaxtimizdagi 69-maktab binosi bayramona bezatilgan. Bu yerda 2010-2011 o`quv yilining eng yaxshi ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti hamda iqtisodiy bilim asoslari fanlari o`qituvchilari o`z iqtidorlari va imkoniyatlarini sinovdan o`tkazdilar. Ona tili va adabiyot fani o`qituvchilari ham har bir tur bo`yicha o`z bilimlarini sinab ko`rishdi.

Ishtirokchilar "Mustaqillik davri va zamonaviy muallim" mavzusida insho yozib, hozirgi kun o`qituvchisiga zarur bo`lgan fazilatlarni o`z xulosalariga ko`ra asoslashdi. Namanganlik muallima Munojot Abduboqieva, Bo`stonliq tumanidan Gulnoz ¢ulomovaning ijodiy ishi hakamlar hay'ati tomonidan yuqori baholandi. Ko`rik-tanlovning 2-turi "Aylana stol atrofida" deb nomlandi va ishtirokchilar ta'lim taraqqiyotining zamonaviy tendensiyalarini qay darajada bilishlarini namoyish etishdi. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan boxabarligi, ta'lim sifatini oshirishga oid asosli takliflari, ularni amaliyotda qo`llab, erishayotgan natijalari maqtovga sazovor, deya e'tirof etildi. Ushbu turda buxorolik muallima Dilbar O`ayitova eng yuqori ball to`plashga muvaffaq bo`ldi. 3-tur - o`z fani bo`yicha belgilangan mavzu yuzasidan kompyuter texnikasidan foydalanib, dars ishlanmasi yozish ishtirokchilarning axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan qay darajada foydalana olishini aniqlashda qo`l keldi. O`qituvchilar 1 soatlik dars ishlanmasini kompyuterda yozib, internetdan ma'lumot olib, uni boyitdilar. Bu turda toshkentlik muallima Lobar Rasulova peshqadam bo`ldi.

Ko`rik-tanlovning har uchala turida 40dan yuqori ball to`plagan to`rt nafar ishtirokchi tanlovni davom ettirish - namunaviy dars o`tish imkoniyatini qo`lga kiritdi. Har bir darsda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, ko`rgazmali qurollardan unumli foydalanildi. Ayniqsa, 5-sinfda ona tilidan "Kesim" mavzusida L.Rasulova vebkamera orqali shoira U.Abduazimova bilan bog`lanib o`tgan dars, farg`onalik muallima Fotima Umarovaning "Otabek, Kumush va zamonamiz yoshlari" mavzusidagi bahs-munozara darsi, buxorolik muallima Dilbar Hayitovaning turli yangi pedagogik texnologiya va usullar asosida Gulxaniyning "Zarbulmasal" asariga bag`ishlangan saboqlari o`quvchilarni faollashtirgani, ta'limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi maqsadlarga erisha olgani uchun hakamlar hay'ati va o`quvchilarda iliq taassurot qoldirdi.

Ko`rik-tanlovning eng yosh ishtirokchisi Fotima Umarovaning darsi ham yuqori baholandi.

- Yoshim 27da. 5-7-sinflarga dars beraman, - deydi F.Umarova. - Birinchi marta 9-sinflarga "O`tkan kunlar" asari bo`yicha 30dan ortiq slayddan foydalanib dars o`tdim. Unda o`zimning she'riy to`plamlarim - "Ko`ngil daftari", "Seni kuylayman", qo`shimcha adabiyotlardan foydalanganim, ustozim Komilaxon Madmo`minovaning o`gitlari, internet materiallari asqotdi.

Ko`rik-tanlovning to`rt turida qatnashib, o`z mahoratini namoyish eta olgan ishtirokchilardan Buxoro tumanidagi 53-maktab-internat o`qituvchisi Dilbar Hayitova 1-, Toshkent shahridagi 63-maktab o`qituvchisi Lobar Rasulova             2-, Yozyovon tumanidagi 16-maktab o`qituvchisi Farida Umarova 3-o`rinni egallashdi. Har bir ishtirokchi bu yilgi ko`rik-tanlov avvalgilaridan farq qilgani, sahna ko`rinishlari, hujjatlar tayyorlash o`rniga kompyuter texnikasidan unumli foydalanish sharti qo`yilganidan mamnunligini yashirmadi.

- Ko`rik-tanlovda ishtirok etish hali o`zim namoyon eta olmagan qirralarimni ham kashf etdi, - deydi Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumanidagi 10-maktabning rus tili va adabiyoti fani o`qituvchisi Matluba Zubaydullaeva. - Hozirgina suhbatdan chiqdik. Menga "Dars jarayonida o`yinlardan foydalanish usullari" mavzusi bo`yicha savol tushdi. Ham qiziqarli, ham oson savol - javob berishga, ozgina hayajonlanganimni hisobga olmasa, qiynalmadim. Feruza Ahmedova, Rahim Xojiev kabi o`qituvchilarning javoblari menga manzur bo`ldi. Shuningdek, boshqa viloyat va shaharlardan ikkinchi bosqichda g`oliblikni qo`lga kiritib kelgan kasbdoshlarim bilan suhbatlashib, ulardan tajriba o`rgandim. O`z o`rnida ularga bilganlarimni o`rgatdim. Bahslarga boy bo`lgan bu tur barchamizga yoqdi.

Fanlar bo`yicha eng yaxshi o`qituvchini aniqlash birmuncha murakkab jarayon. Ularning bilim va iqtidorini munosib baholash esa hakamlar hay'ati a'zolari zimmasiga katta mas'uliyat yukladi.

- Rus tili va adabiyoti fani o`qituvchilarining davra suhbati bo`yicha bilimlarini tahlil qilib, baholash uchun yig`ildik, - deydi hakamlar hay'ati a'zosi, Zangiota tumanidagi 56-maktab o`qituvchisi G.Gasilova. - Keskin munozaralarga boy kechgan savol-javob bahsida o`qituvchilar faol harakat qilishdi. Keyingi xonalarda iqtisodiy bilim asoslari fani o`qituvchilari dars ishlanmasi yozmoqdalar.

Ularning ishini kuzatamiz. Ko`rik-tanlov shartlariga ko`ra o`qituvchining o`z fani bo`yicha belgilangan mavzu yuzasidan darsga tayyorgarlik ko`rishiga ham alohida e'tibor qaratiladi. Darsga tayyorlanishda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan va internet materiallaridan samarali foydalanishi, Word, Power point dasturini qo`llay olishi, dars bosqichlarining to`g`ri belgilanishi, mavzuni mustahkamlashda tanlangan usullarda barcha o`quvchilarning ishtiroki ta'minlanishi ko`zda tutilganligi kabi muhim mezonlar asosida mazmunli bir soatlik dars ishlanmasi tayyorlay olgan o`qituvchi bu turda 25 ballni qo`lga kiritishi mumkin bo`ladi. Iqtisodiy bilim asoslari fani ishtirokchilarining tanlovning ushbu turi haqidagi fikrlarini bilishga qiziqdik:

- Men "Jahon iqtisodiyoti muammolari" mavzusida bir soatlik dars ishlanmasi yozayapman, - deydi Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi o`qituvchisi, Toshkent shahri ishtirokchisi Malika Jo`raeva. - Dastlab biroz hayajonlangandim, biroq ishga kirishishim bilan qo`limdagi materiallar yetarliligi bois mendagi ikkilanish bosildi.

Foydalanish uchun darslik berishdi, kompyuterlar internetga ulangan. Biz bu jarayonda bemalol internet saytlaridan qo`shimcha ma'lumotlar olib, mavzuni boyitish imkoniga ega bo`ldik.

Ko`rik-tanlovda o`tgan yildagilarga qaraganda o`qituvchilarning bilimi va mahoratini real baholash uchun sharoitlar yaratilganligini ta'kidlash lozim. Axborot-kommunikasiya vositalaridan foydalanish diqqat markazida turdi.

Tanlov yakunlariga ko`ra, rus tili fani bo`yicha Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o`qituvchisi Feruza Ahmedova, iqtisodiy bilim asoslari fanidan esa Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 35-maktab o`qituvchisi G`ayrat Narzullaev birinchi o`ringa loyiq deb topildi.

Zero, hozirgi zamonaviy muallim kompyuter savodxonligiga ega bo`lmog`i zarur. Aks holda o`quvchi uni tan olmay qo`yadi. Shu nuqtai nazardan, ko`rik-tanlov turlari puxta o`ylab tanlangan, degan xulosaga kelindi. Muallim internetdan izlasa, topganlarini o`quvchilariga ilinsa, u albatta maqsadiga erishadi. Bu - ko`rik-tanlov ishtirokchilarining fikri.

Ingliz, nemis va fransuz tillaridan "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi" ko`rik-tanlovining yakuniy respublika bosqichi ushbu fanlarga ixtisoslashtirilgan Chilonzor tumanidagi 178-maktabda bo`lib o`tdi. Tanlovning birinchi kuni ingliz tilidan 14 nafar, fransuz tilidan 11 nafar va nemis tilidan 13 nafar o`qituvchi ishtirok etdi. O`tkazilgan uchta tur qatnashchilar uchun haqiqiy sinov maydoni vazifasini bajardi. Dastlab, erkin mavzuda insho yozgan o`qituvchilarning yozma nutq qobiliyati, mustaqil fikrlashi, savodxonxonlik darajasi, so`z boyligi baholandi. Ikkinchi turda esa o`qituvchilar "Aylana stol atrofida" ta'lim sifatini oshirishga doir savollarga ingliz, nemis va fransuz tillarida javob berdilar.

O`z fani bo`yicha belgilangan mavzu yuzasidan darsga tayyorgarlik ko`rish shartida esa ishtirokchilar kompyuter, internet va qo`shimcha adabiyotlardan foydalanib bir soatlik dars ishlanmasini tayyorladilar. Bunda o`qituvchilarning xalqaro elektron qidiruv tizimlari, Word va Power point dasturlaridan unumli foydalanishlariga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu turlarda Buxoro, Namangan, Xorazm, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahri vakillari faol ishtirok etdilar. Dastlabki uchta turda 40 baldan yuqori natijani qayd etgan 15 nafar o`qituvchi keyingi turda qatnashish imkoniyatini qo`lga kiritdi.

Tanlovning ikkinchi kunida har bir qatnashchi qur'a tashlash yo`li bilan aniqlangan mavzu yuzasidan o`zi uchun tanish bo`lmagan o`quvchilarga namunaviy dars o`tdi. 45 daqiqa davomida o`qituvchining darsga tayyorgarlik ko`rishi, yangi mavzuni tushuntirishi va uni mustahkamlashi, qo`llagan metodlari, uyga berilgan vazifalarning bajarilishini tekshirishi, darsni yakunlashi, shuningdek, ushbu jarayonda ko`rgazmali vositalar hamda kompyuter, multimedia vositalaridan foydalanishi baholandi.

Darslar nihoyasiga yetgach, o`quvchilarning bir soat davomida egallagan bilim va malakalari test topshiriqlari asosida aniqlandi. Natijalar esa 15 ballik mezon asosida baholandi.

Hayajonlarga boy tarzda o`tayotgan tanlovning ushbu fanlar bo`yicha ham g`oliblari nomi aniqlandi. Unga ko`ra, ingliz tili fanidan Namangan viloyati Norin tumanidagi 14-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi o`qituvchisi Durdona Mamadalieva 93,5 ball to`plab "Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi-2011" ko`rik-tanlovi g`olibi bo`ldi. Fransuz tilidan Buxoro viloyati G`ijduvon tumanidagi 62-ixtisoslashtirilgan maktab-internat o`qituvchisi Shodiyor Nishonboev g`olib deb topilgan bo`lsa, nemis tilidan yana bir buxorolik pedagog Shofirkon tumanidagi 28-maktab o`qituvchisi Sadoqat Allamova bilim va mahoratda tengsizligini amalda namoyish etdi.

"Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi-2011" ko`rik-tanlovining respublika bosqichi qolgan umumta'lim fanlari bo`yicha ham bo`lib o`tmoqda.

 

Bashorat OTAJONOVA,
Sanjar RUSTAMOV,
"Ma'rifat" muxbirlari,
Mahmuda VALIEVA,
Hakamlar hay'ati a'zosi
 


Maqola sanasi Maqola sanasi: 19 May 2011 14:52


Yangiliklar bolimiga o'tish


  


    

Login
Parol
Saqlanish
Ro'yxatdan o'tish
Parolingizni unutdingizmi?
11 Oktyabr 2014 15:58
Sog'lom avlod asoslari

25 Sentyabr 2014 09:48
"Atmosfera bosimi" mavzusida videodars

15 Sentyabr 2014 11:57
Ingliz tili 6 (audio)

07 Sentyabr 2014 11:25
Ingliz tili 5 (audio)

17 Avgust 2014 10:34
Mening birinchi lug'atim (qoraqalpoq tilida)




 
Metodik tavsiyalar
Zamonaviy maktab direktori
Bitiruvchilar bazasi
Pochta
The Bat! sozlashlari

 Copyright © 2014
O'zbekiston Respublikasi
Xalq ta'limi vazirligi